Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini amaliyotga joriy etish va agrotexnik tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.
–Olim va mutaxassislar tomonidan umumiy qiymati 8,6 milliard so‘mlik 5 ta amaliy, 1 ta innovatsion loyiha bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi institut direktori, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim Bekmurat Turdishev. – Olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlarining natijalari bo‘yicha g‘o‘zaning “Chimboy-5018”, “KK-3535” va “Chimboy-5060”, kuzgi bug‘doyning “Aral” va “Chimboy”, kungaboqarning “KK-60”, “KK-28” va “KK-50”, Afrika tarig‘ining “G-6”, sudan o‘tining “Chimbayskaya”, “Yubileynaya”, “Chimbayskaya-8” va “Chimbayskaya-12”, bedaning “Qoraqalpoq-15” navlari yaratilib, davlat reyestriga kiritildi. Hozirgi vaqtda ushbu navlardan yuqori avlodli urug‘lik yetishtirish bo‘yicha ilmiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, bahorgi bug‘doyning “Semurg‘” va “Saratov-29” navlarining, mahalliy oq jo‘xori, makkajo‘xori va arpa navlarini Orolbo‘yi tuproq iqlim sharoitiga moslashtirish, ularni yetishtirishning ilmiy asoslangan resurs tejamkor agrotexnologiyalarini ishlab chiqish hamda birlamchi urug‘chiligini tashkil etib, yuqori avlodli urug‘liklarni yetishtirish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Shuning bilan birga institut seleksioner olimlari tomonidan xorijiy va respublika ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda har xil qishloq xo‘jalik ekinlarining 200 dan ortiq xorijiy va mahalliy kolleksion nav hamda duragay namunalari olib kelinib, hududga moslashgan yangi navlarni yaratish bo‘yicha tadqiqot ishlari o‘tkazilmoqda.
Hozirgi vaqtda institutda yangi yaratilgan va mahalliy navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish natijasida jami 15,6 tonnadan ortiq yuqori avlodli urug‘lik zaxirasi yaratildi. Institutning “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish” laboratoriyasi olimlari tomonidan “G‘o‘za urug‘larini sifatli qatorlab ekadigan kombinatsiyalashgan agregat” ishlab chiqilgan va ishlanma uchun foydali model patenti olindi hamda kelgusida ushbu moslamani qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish rejalashtirilgan.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri