AOKAda o‘tkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 2023 yilgi Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Davlat dasturi loyihasida vazirlik va idoralar tomonidan joriy yilda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilanmoqda. Xususan, bunda Davlat dasturining birinchi yo‘nalishi “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Jumladan, 2023 yilgi Davlat dasturi loyihasida mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish kutilyapti.

Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “Fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda. Bunda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tashkil etish va tugatish asoslari va mezonlari ularning vakolatlari hamda javobgarlik sohalarini aniqlashtirgan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, Davlat dasturi loyihasining 5-maqsadli yo‘nalishida ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish davom ettiriladi. Misol uchun, Davlat dasturi loyihasining 9 bandida vazirlik va idoralarning funksiya va vazifalarini qayta ko‘rib chiqish belgilanmoqda.

Bunda vazirlik va idoralarning takrorlanadigan 168 ta vazifa va 301 ta funksiyalari maqbullashtirish nuqtai nazardan ko‘rib chiqiladi. Faoliyati samarasiz deb topilgan va davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan 40 dan ortiq idoralararo kollegial organlar maqbullashtiriladi, zarurat bo‘lganda ularning vazifalari tegishli idoralarga o‘tkaziladi.

Davlat dasturi loyihasining 10-bandida Davlat boshqaruvi tizimida adliya organlari tizimining huquqiy maqomini qonun hujjati bilan mustahkamlash nazarda tutilmoqda. Xususan, huquq ijodkorligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash hamda huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish, shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash borasida adliya organlari faoliyatini mustahkamlashga qaratilgan “Adliya organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Shu bilan birga, Davlat boshqaruvi tizimida ma’muriy apparatni ixchamlashtirish va ish jarayonlarini maqbullashtirishga qaratilgan davlat dasturi loyihasining 6-maqsadida Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarining ikkinchi bosqichi doirasida hududlardagi boshqaruv tizimini isloh qilishni davom ettirish ko‘zda tutlmoqda. Bunda mahalliy davlat hokimiyati ijro organlarining faoliyati chuqur tahlil qilgan holda ularning faoliyatini takomillashtirish va tashkiliy tuzilmasini maqbullashtirish, bo‘ysunuv tizimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarni tayyorlash belgilanmoqda.

Shuningdek, Davlat dasturi loyihasi bilan mamlakatimizdagi islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish ham nazarda tutilmoqda. Bunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga hukumat a’zolarining, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan parlament eshituvlarini o‘tkazish tashabbusi huquqini berish kabi qator muhim vazifalar ko‘zda tutilmoqda.

O‘zA