Turkiya Respublikasining bir necha hududida sodir bo‘lgan kuchli zilzila tufayli millionlab insonlar halovatini yo‘qotdi. Do‘st va qardosh turk xalqi boshiga tushgan bu falokat O‘zbekiston hukumatini ham befarq qoldirmadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan mamlakatdagi talafot oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish maqsadida  8 fevral kuni  soat 23:00 da Mudofaa vazirligining 71 nafar malakali harbiy xizmatchilaridan iborat tibbiy otryadi Turkiya Respublikasiga jo‘nab ketdi.

Safar oldidan Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan harbiy xizmatchilarga tegishli yo‘riqnoma berildi.

9 fevral kuni Turkiya vaqti bilan soat 5:34 da qidiruv-qutqaruv tadbirlarida ishtirok etadigan ushbu tibbiy otryad Turkiyaning Gaziantep aeroportiga qo‘ndi.

Harbiy-tibbiy otryad tarkibida tajribali tibbiyot xodimlaridan tashqari kinologlar (xizmat itlari bilan) va ta’minotchilar ham bor. Ular o‘z yo‘nalishi bo‘yicha barcha kerakli anjom va uskunalar bilan ta’minlangan.

Shuningdek, dori-darmonlar va yuz nafar bemorga mo‘ljallangan yotoq joylari mavjud.

O‘zA