Bosh prokuratura tomonidan Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyati o‘rganilganida bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Oliy ta’lim dargohiga o‘qishga qabul qilishda qonunchilik talablari buzilib, qabul jarayonlarining shaffofligi ta’minlanmagan.

Xususan, ijodiy imtihonlarni o‘tkazish uchun o‘nta yo‘nalish bo‘yicha uch kishidan kam bo‘lmagan tarkibda komissiya shakllantirilmagan.

21 sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan ijodiy imtihonlarda aynan bir shaxs bir vaqtda komissiyalarga raislik qilgan. 24 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 189 nafar abituriyentning imtihon natijalari bayonnomalarda haqqoniy aks ettirilmagan. 26 nafar abituriyentning ijodiy imtihon natijalari bayonnomalarda ko‘rsatilmasdan, asossiz baholangan.

Ot sporti, xokkey, figurali uchish, tog‘ chang‘isi bo‘yicha sport inshootlari mavjud bo‘lmasada, 500 nafardan ortiq abituriyent shu yo‘nalishlarga o‘qishga qabul qilingan. 90 nafar abituriyentning ijodiy imtihon ballari oshirib qo‘yilib, talabalikka qabul qilingan.

Oqibatda ijodiy imtihonlardan eng yuqori ball to‘plab, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan 30 nafar talaba birinchi semestr yakuni bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan.

Xuddi shu kabi qonun buzilish holatlariga universitetning Farg‘ona filialida ham yo‘l qilgan. Jumladan, o‘qishga qabul kvotalari sun’iy ravishda oshirilib, 3 ming 160 o‘rinli universitetga 13 ming 634 nafar yoki sig‘imga nisbatan 4,5 baravar ko‘p talaba qabul qilingan.

Keyingi ikki yilda talaba va o‘qituvchilar tomonidan jami oltita korrupsiyaviy va boshqa turdagi 23 jinoyat sodir etilgan.

Tekshirish davomida o‘tkazilgan tadbirda talabalar D.I. va J.S. fuqaro G‘.M.ni o‘qishga kiritish uchun undan 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Bundan tashqari, 587 nafar o‘qituvchi va xodimlarga 1,2 milliard so‘m rag‘batlantirish pullari hamda o‘tilmagan dars soatlari uchun 172 million so‘m mablag‘ noqonuniy to‘lanib, talon – toroj qilingan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


O‘zA