O‘ylanaman…

O‘ylanamanki, nimalarni o‘ylagan ekan bu o‘ychan satrlar qalamidan to‘kilayotganda otashnafas shoiramiz  Halima Xudoyberdiyeva? Nimalar  bezovta qilgan ekan opamizning xayolot osmonini? Arablar, mo‘g‘ullar,  istilosi, yoki chor Rossiyasi bosqinlari ostida ezilgan Andijonmi? Balki, Dukchi Eshon yetakchiligida zulmga qarshi bosh  ko‘targan xalq qo‘zg‘olonchilari naqadar vahshiyona jazolangani, ularning 18 nafari minglab odamlarning ko‘z o‘ngida  dorga osilgani, Mingtepa,  Qashg‘ar, Tojik qishloqlari uch kun davomida muttasil to‘plardan o‘qqa tutilib, kultepaga aylantirilganimi? Ehtimol, “Nodiraning  qul kunlari, shoh kunlari”, “Mohlaroyim ketayotgan aroba, Umarxon to‘y arobasin shovqinlari…” yoxud  azon aytilmasdan obdastada suv isitib turgan kelinchaklarning hurkak ohudayin yerga qarab turishlari-yu, so‘ngra “orqa bilan yurib chiqib ketishlari” o‘yga toldirgandir ardoqli shoiramizni…

O‘ylanaman…

O‘ylanamanki, bugun, hozir, mana shu yerda,  shahri Andijonning eng baland, eng muborak, eng aziz va muqaddas  manzillaridan bo‘lmish Bog‘ishamol tepaligida, mening o‘rnimda bo‘lganida nimalarni o‘ylagan,  nimalarni yozgan bo‘lar edilar “Ko‘nglida ko‘nglining ming sinig‘i”, “Ko‘nglida g‘amlarning o‘tkir tig‘i”  bo‘lgan she’riyatimiz malikasi?  Imonim komilki, U: “Tengsizga  choparlar, tengliga bormas, Ming qo‘yliga borar, mungliga bormas. To‘yiga, uyiga borar, vo darig‘, Hech kim bir-birining ko‘ngliga bormas” degan achchiq aromonzada misralar  o‘rniga: “Men Turonning qadim qo‘ng‘irog‘imen, Jarang bersam qir-dalasi uyg‘onar…” deya hayqirgan bo‘lar edilar. Andijonning hozirgi  qiyofasini ko‘rgan, bu  qadim kent tuprog‘ida chappar urib kamol topayotgan dov-daraxtlarga mahliyo bo‘lgan, Vatan uchun jonfido yurtdoshlarining yumushlaridan iftixor tuygan shoiraning boshqacha  yozishi mumkinligi mutlaqo tasavvurga sig‘maydi.

Sig‘maydi!

Nafaqat Halimaxonim, balki, Abdulla Oripov yoxud Mirzo Bobur hazratlari  ham boshqacha yozmas, yozolmas  edilar menimcha. Aslo!

Shular haqida o‘ylaganda, tafakkur  qilganda o‘z-o‘zidan bir haqli savol jaranglab ketgandek bo‘laveradi: xo‘sh, bunday yuksalishlar, evrilishlar zamini nimada?! Asrlar mobaynida ming-ming mashaqqatlarni boshdan o‘tkazgan Andijon qanday qilib  so‘nggi 5- 6 yil orasida asrlarga ibrat bo‘lgulik yutuqlarga muyassar bo‘layotir?

Yosh bolaga ham  ayon haqiqat shulki, hech narsa osmondan “tap” etib yerga tushmaydi. Bog‘ jamoli – bog‘bondan, yurt obodligi – Yurtboshidan, deydilar. Bog‘boni mirishkor bo‘lsa, bog‘lar  gurkiraydi, yashnaydi; Yurtboshisi  yurtparvar xalqning esa dasturxoni to‘kin, ko‘zi to‘q, o‘zi to‘q, mamlakati obod bo‘ladi.  Xalqni qo‘zg‘atish, birlashtirish, qalqitish, o‘ziga, so‘ziga, ertangi kunlariga ishontirish esa…

Saratonda qo‘li sovqotadigan, bulut soyasi ham og‘irlik qiladigan  dangasalar, bekorxo‘jalar hamma zamonlarda bo‘lgan. Unday takasaltanglarni  mehnatga undash, o‘roq tanlaydigan ishyoqmas o‘roqchini, teshasi toshga chega qoqadigan tirishqoq  odamlar qatoriga qo‘shish uchun esa, eh-he!..

O‘ylanaman. Va, beixtiyor  davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning  mamlakatimizning barcha shahru qishloqlari qatorida Andijon va andijonliklarga bo‘lgan mehru muhabbati, ular bilan bo‘lgan uchrashuvlarda, suhbatlarda aytgan so‘zlari, fikrlari, tashabbuslari, aziz xalqining baxtu saodati yo‘lida  jonini  qiynashlari, kuyib-o‘rtanishlari baayni kino tasmalaridek xayol ko‘zgusida jonlanaveradi.

2016 yilning 1 noyabri.

Shavkat Mirziyoyev ilk marta xuddi shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida Bo‘ston (avvalgi Bo‘z) tumaniga borib, hokimlik  binosida saylovchilar bilan katta uchrashuv o‘tkazgan edi. Oradan yarim yil o‘tar-o‘tmas, bu safar endi mamlakat  Prezidenti sifatida yana  Andijonga keldi. So‘ng yana va yana amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish yumushlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish hamda avval bergan topshiriqlari ijrosini tahlil qilish maqsadida bir necha marta tashrif buyurdi qadim  Andijon zaminiga. Tashriflar viloyat taqdirida chuqur izlar qoldirdi.

Tarixiy voqealarning yana biri 2019  yilning 16 may kunida sodir bo‘ldi. Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga kelib,  2018 yilning 19-20 may kunlaridagi tashrifda  berilgan vazifalar va ularning natijalarini  batafsil tahlil qildi.

2018 yilda investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1,8 trillion so‘mga teng bo‘lgan 411 ta loyiha bajarilgani, 12 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgani,  xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish hisobiga 20,7 million AQSH dollari miqdorida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqilgani, Oltinko‘l tumanida yiliga 33 million juft tibbiy qo‘lqop ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik korxonalar foydalanishga topshirilgani tilga olindi.

Bundan tashqari, 211,2 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, AQSH, Hindiston, Isroil singari dunyoning 15 dan ortiq davlatlariga eksport qilingani; suv, elektr ta’minoti va yo‘l qurilish sohasida amalga oshirilgan ishlar salmoqli bo‘lgani, jumladan, bir yilda umumiy qiymati 305,6 milliard so‘m bo‘lgan 305 dona suv qudug‘i, 1 ming 228 kilometr suv va 608,7 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i qurilib, 670 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar ta’mirlangani; 294 ta transformator o‘rnatilib, “Obod qishloq” dasturi doirasida viloyatdagi 50 ta mahallada keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani va shuning natijasi o‘laroq, qator mahallalar namunali mahallaga aylantirilib, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratilgani ham  so‘zsiz beadoq iftixor bag‘ishlardi qalblarga.

Ammo, Prezidentning ko‘ngli to‘lmadi. Xususan, Xonobod shahridagi o‘zgarishlarning  talab darajasida emasligi,   shaharni obod qilishga oid topshiriqlarning ayrimlari to‘liq bajarilmagani qoniqtirmadi kuyunchak va talabchan  Yurtboshimizni.

Prezidentning oldingi kelishida shahardagi ahvol  o‘rganilib, o‘rganishlar asosida  2017-2019 yillarda Xonobod shahrini kompleks rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan va 3 ming 200 dan ziyod loyihalarni o‘z ichiga olgan mazkur dastur ijrosi uchun 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan edi.

Bundan tashqari, shaharning Anhor mahallasi hududidagi uzoq yillar bo‘sh turgan sobiq 4-avtokorxona binolari va yer maydoni tadbirkorlarga “nol” qiymatda bo‘lib berilib, tashkiliy, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlangach, bu yerda katta-kichik 13 ta korxona o‘z faoliyatini boshlab yubordi. Shu  evrilishlar tufayli 685 kishi ishli bo‘ldi.

Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan, o‘zining kislorod bilan to‘yingan, ionlashtirilgan havosi bilan yuqori va quyi nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak qon-tomir kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan Xonobod sihatgohi ham zamonaviy kurort zonasiga aylana boshladi.

Umuman, uzoq yillar yopiq hudud hisoblanib, sanoati rivojlanmagan, ko‘plab ob’ektlar bo‘shab qolgan Xonobod shahrining qiyofasi davlat rahbarining  tashrifidan keyin jiddiy o‘zgargan,  qisqa vaqtda ko‘plab korxonalar tashkil etilib, odamlar ish bilan ta’minlangan esada, qilinajak ishlar nihoyatda ko‘p edi. Shuning uchun ham taskin topmayotgan edi har qanday  ishni  tez va sifatli ado etishga odatlangan  Yurtboshining ko‘ngli.

Shu kuni barcha vazifalar ijrosiga doir zarur ko‘rsatmalar berildi, “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Topshiriqdan so‘ng ushbu tog‘li hududda yengil konstruksiyalardan mehmon uylari tashkil etishga  kirishildi. Sihatgoh hududidagi bo‘sh yotgan yer maydonlarini tadbirkorlarga berish orqali 3 ming kishi dam oladigan maskanlar tashkil etiladigan bo‘ldi.

Keyingi tashriflar ham Andijon taqdirida  ulkan ahamiyatga molik evrilishlarga asos  bo‘ldiki, badiiyroq ifodalaganda, tashriflardan keyin gullab, shirin-shakar mevalar tukkan Andijon bog‘larining har bittasi to‘g‘risida shohona dostonlar yozilsa arziydi. Faqat, muxtasar bir  maqolada bu orzuga erishishning imkoni bo‘lmaydi. Shu bois, hozircha, ularning ayrimlarini tilga olish bilan kifoyalanamiz.

O‘tgan ikki-uch yil ichida Xonobod shahrida qiymati 11 milliard so‘m bo‘lgan “Yoshlar markazi” barpo etildi.  Xo‘jaobod tumanida Hayvonot bog‘i qurilib, foydalanishga topshirildi.

Viloyatidagi bekor turgan binolar, shuningdek, davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish hisobidan o‘nlab kichik sanoat zonalari tashkil etildi.

Ayonki, Andijon mamlakatimizdagi hududi  eng kichik, aholisi esa eng zich yashaydigan viloyat hisoblanadi. Viloyat respublika hududining 1 foizini, aholisi esa qariyb 10 foizini tashkil qiladi. Shuning uchun ham Andijonda yerning har qarichidan oqilona foydalanish talab etiladi. Yaqin-yaqingacha shaharning Mustaqillik mahallasidagi  barak shaklida qurilgan eski hovlilarda  bir nechtalab oila qiynalib yashar edi.  Tashriflar sharofati bilan eski mahalla o‘rnida ko‘p qavatli turar joylar barpo etildi. Shu mahalla ahli uchun Xo‘jaobod tumani Xidirsha massividan 54 gektar yer ajratilib, shahar hududiga qo‘shib berildi.

Ko‘p o‘tmay  bu yerlarda “Obod mahalla” dasturiga muvofiq 2 sotixli 220 ta uy, oilaviy poliklinika, bolalar bog‘chasi, Xotira maydoni, mahalla guzari, kutubxona, hammom, go‘zallik saloni hamda boshqa savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, tikuvchilik korxonasi, madaniyat markazi qurildi.

Qariyb 70 gektar maydonda bunyod etilayotgan “Andijon sity”da ham ko‘p qavatli binolar  birin-ketin ko‘kka bo‘y cho‘za boshladi. Ushbu shaharchada 5 yulduzli mehmonxona, kongress xoll, qo‘g‘irchoq teatri, bank va biznes ofislar, sog‘lomlashtirish markazlari, ko‘ngilochar maskanlar, kafe-restoranlar, 7, 9 va 12 qavatli turar joy imoratlari qad ko‘taradi.

Yangi tashkil etilgan “Andijon-Farm” erkin iqtisodiy zonasida 5 million qadoqda dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 306,4 milliard so‘m bo‘lgan 122 ta loyiha ishga tushirildi.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan g‘o‘za qator oralariga soya ekish bo‘yicha Andijon tajribasini yaratildi. Boshqa turar joylarga nisbatan arzon bo‘lgan «Zamonaviy qishloq» loyihasi ham Andijonda dunyoga keldi.

Bobur hazratlari o‘zining mashhur “Boburnoma” asarida Andijonni ta’riflarkan: “Oshlig‘i vofir, mevasi farovon. Qavun va uzumi yaxshi bo‘lur. Qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas… Andijon noshpotisidan yaxshiroq noshpoti bo‘lmas. Movarounnahrda Samarqand va kesh(Shahrisabz) qo‘rg‘onidin so‘ngra mundin ulug‘roq qo‘rg‘on yo‘qtur. Uch darvozasi bor… To‘qqiz tarnov suv kirar. Bu ajabdurkim bir yerdan ham chiqmas… Eli  turkdur”, deydi.

Darhaqiqat bu tuproqdan suv ichgan mevalarning dovrug‘i uzoq-uzoqlarga ketgan.

Shavkat Mirziyoyev Andijonga safarlari chog‘ida  meva va sabzavot mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga  katta e’tibor berdi. Yangi bog‘lar, uzumzoru olmazorlar  barpo qilindi. Ayni chog‘da, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik korxonalarining salohiyati  kengaydi. Shu o‘rinda Marhamat tumanidagi “Vodiy hamkor agrofirmasi” tomonidan tashkil etilgan quyonchilik klasterining faoliyati maqtovga loyiqdir.

1 gektardan ziyod maydonda tashkil qilingan mazkur klaster kooperatsiya usulida 50 ta xonadonga quyonlar tarqatilib, ulardagi odamlar bandligi ta’minlandi. Shuningdek, quyon terisini oshlash va teridan telpak tikish sexida ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Andijonda texno park ish boshladi.

“Bog‘i Bobur”dagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykali, ramziy qabri, “Bobur va jahon madaniyati muzeyi”ni qurish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, nomozgohlar qurilib,  dam olish maskani yangicha qiyofa kasb etdi.

2021 yil, 17 iyun kuni ahli Andijon  eng unutilmas voqeaning guvohi bo‘ldi: “Yangi Andijon” shahrining qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

Prezidentimizning o‘zi bu qurilishni xalqimiz bunyodkorligini namoyon etadigan tarixiy voqea deb atadi.

– Andijondagi uy-joy muammosini hal qilish uchun ikki-uch yildan beri o‘zimni qiynayman. Chunki yer kam, uylarga talab yillar davomida to‘planib qolgan edi. Bir xonadonda bir nechta kelin qaynonasi bilan yashayotgan oilalar ko‘p. Shuning uchun uzoqni o‘ylab, yangi shahar qurishga kirishdik. Bu yerda 130 mingdan ortiq xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etiladi, 450 mingdan ziyod aholi yashaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umumiy maydoni 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning 2 ming gektar qismida uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar, sanoat zonalari, xizmat va servis ob’ektlari quriladi.

“Yangi Andijon” shahri loyihasi 8 ta bosqichda amalga oshiriladi. Uning kommunikatsiya tarmoqlarini boshlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar ajratildi. Tezda 33 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 52 kilometr avtomobil yo‘li, 18 kilometr elektr va 27 kilometr gaz tarmoqlari qurildi.

Birinchi bosqichda 3 ming 310 ta kvartirali 170 ta ko‘p qavatli uy-joy, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 385 o‘rinli bog‘cha, 200 qatnovli poliklinika quriladi. Shahar qurilishi davrida 10 mingdan ortiq, keyin esa sanoat, savdo, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish sohalarida jami 100 mingga yaqin doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Xozirgi kunga kelib birinchi bosqich doirasida belgilangan ishlar deyarli bajarildi.

Andijon shahridagi “Dinar group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik korxonasi ham  viloyatdagi yirik  korxonalar qatorida turadi.

Umumiy qiymati 10 million dollar bo‘lgan ushbu loyihani amalga oshirish uchun qarovsiz bino “nol” qiymatda berilgan edi. Atigi yetti oyda bu yerda zamonaviy korxona paydo bo‘ldi.

Yangi korxonaga Italiya, Avstriya va Turkiya kabi davlatlardan mato bo‘yash va tikuv uskunalari keltirib o‘rnatildi. 1000 ta ish o‘rni yaratildi. Korxona yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj va 5 ming tonna yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Alqissa, endilikda  Andijonda shu qadar ko‘p va xilma-xil  mahsulotlar ishlab chiqarilyaptiki, ularning sonini sanab adog‘iga yetish  qiyin.

Bugun andijonliklarga, nimalar ishlab chiqaryapsiz, degan savolni bersangiz, ulardan,  nimani ishlab chiqarmaysiz, deb so‘rasangiz javob berishimiz oson bo‘lardi, degan javobni eshitasiz. Katta haqiqat bor  hazilnamo javoblarda. Iftixor qilsa arziydiki, bugun  Andijon viloyat sanoat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha  saflarning eng oldingi qatorida bormoqda.

Ha, sanab – sanog‘iga, aytib – adog‘iga yetish mahol bo‘lgan o‘zgarishlar makonaga aylanib bormoqda  qadim Andijon.

Shularni  o‘ylaganda, ne-ne to‘fonu taloto‘plarni boshdan kechirgan, ilk bora yozma manbalarda arab sayyohlari Ibn Hovqal va Muqaddasiy asarlarida  Andukon shaklida qayt etilgan, bugun esa Sharqning  azamat kentlari qatorida turgan va kun sayin  yosharib, to‘lishib, ochilib borayotgan makonga havasing keladi. Tunlarni tonglarga, tonglarni shomlarga ulab mehnat qilayotgan andijonliklarni ko‘rganda esa ichingga daryodek oqib kirayotgan faxru iftixor tuyg‘ulari vujudingni qamraydi. To‘lishib, hapriqiblar ketadi jonu jahoning.

Ammo, “Beayb – parvardigor” deymiz-u, lekin, shunday dorilamon kunlarning qadriga yetmay, pana-pastqamlarda pusib o‘tgan-ketganga tosh otishdan bahra olayotgan kishilar ham oz esada, oramizda borligi   taassuf paydo qiladi toza ko‘ngillarda.

Yurti obod, ovuldoshi shod bo‘lib turganida, bundan suyunish, g‘ururlanish  o‘rniga, pashshadan fil yasash,  mayda-chuydalar bilan ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarish, kimlarningdir ko‘nglida g‘ulg‘ula-noroziliklar paydo qilish ilinjida bulguvchi bunday toifalarga duch kelganda, mukammallik har kimga ham  nasib etavermaydigan noyob ne’mat ekaniga yana bir marta imon keltirasan. 

To‘g‘ri, kamchiliklar bor, oz emas. Buni hech kim yashirayotgani yo‘q. Davlat rahbari  har  muloqotida tilga olyapti, kamchiliklarni butlash choralarini izlayapti. Xorijiy davlatlarning rahbarlari bilan, dunyodagi yirik kompaniya va tashkilotlar bilan, investorlar bilan uchrashyapti, ular bilan hamkorlik  qilish yo‘llarini  topyapti. Ammo, yuz yillar  mobaynida to‘planaverib, tepaday uyulib ketgan muammolarni  hal qilish naqadar og‘ir mashaqat ekani ham ayon haqiqat-ku!

Ko‘ra-bila turib oldinda ketayotganlarning oyog‘idan tortishga intiluvchi, taraqqiyotni, bo‘layotgan quvonchli o‘zgarishlarni sezib sezmaslikka harakat qiluvchi  zotlarning qilmishlari, ko‘prik tagida berkinib, yo‘lovchilar  eshagini hurkitadigan bekorchilarni eslatadi.

    Bugun ulug‘vor karvonimiz qandaydir  kichik bir ariq yoki anhordan  emas, ulkan kechuvdan o‘tib bormoqda. Uchinchi Renessans – Uchinchi uyg‘onish qasrining muborak poydevorlariga birinchi g‘ishtlarni qo‘yishdek muqaddas  yumushlarning baxtiyor  ishtirokchilari bo‘lib turibmiz. Ayni voqealar odamlarning saragini sarakka, puchagini puchakka  ajratayotgani ham bor gap – haqiqat. Bunday damlarda haybarakallachilik, tomoshabinlik, Yurtboshimiz ko‘p marta ta’kidlaganidek xiyonatga barobardir.

Musaffo havoni bulg‘ash-u, zilol suvni loyqalatishdek nojo‘ya qiliqlarni yig‘ishtirib qo‘ygan ma’qul endi.

Maqolamga nuqta qo‘ya turib yana  o‘ylanaman, o‘z-o‘zimga savol beraman: agar Halima opa yoki Abdulla aka mening o‘rnimda bo‘lganida Prezidentimizning Andijon tashriflari haqida nimalarni yozgan bo‘lar edilar?

Nogahon qayerdadir, shu atrofda, Halima opamizning hazin va sehrli ovozi yangrab ketgandek tuyuladi:

O‘ylanaman, yo‘lim tushsa Anjon sari…

Abdusaid Ko‘chimov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist