Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

“2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini 2023 yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning 45-maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bosqichma-bosqich bepul ovqat bilan ta’minlash hamda respublikaning barcha umumta’lim maktablarida sog‘lom ovqatlanish tizimini amalga oshirish vazifalari o‘z aksini topgan.

Darhaqiqat, ushbu tizim 2022 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joriy etilib, 273 ming o‘quvchi qamrab olingan edi. Endilikda bu tartib respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yilishi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash orqali ularning sifatli ta’lim olishlariga xizmat qiladi.

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova quyidagilarni ta’kidladi:  

— Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimi ta’lim jarayoniga ham bevosita ta’sir qiladi. Chunki bola maktabda och bo‘lsa, berilayotgan ta’limni to‘la o‘zlashtirib olishga kuchi yetmaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani juda yaxshi natija berdi. Davlatimiz rahbari 2022 yilgi Murojaatnomasida bu tizimni butun respublika bo‘ylab yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida ham 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, deputatlarimiz hududlardagi o‘rganishlar davomida bu tizimni yo‘lga qo‘yish uchun ko‘plab maktablarda oshxona masalasida hali muammolarimiz borligi aniqlanyapti. Ayrim maktablarda oshxonaning o‘zi yo‘q, borlari esa yetarli infratuzilmaga ega emas.

Mana shunday holatda bu tizimni butun respublika bo‘yicha tatbiq etishda qanday choralar ko‘rish kerak? 2022 yilgi Davlat dasturi ijrosini muhokama qilish davomida hukumatga ayni savollar bilan murojaat qilganimizda, maktablarning oshxonalarini sekin-asta ta’mirlash va zarur infratuzilmani yaratish bilan bu loyiha tatbiq etilishini, oshxonalari ta’mirlashga ulgurilmagan maktablarga esa sentyabrdan boshlab ovqat yetkazib berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishini bildirishdi.

Albatta, bu borada biz deputatlar ham deputatlik va parlament nazoratini samarali yo‘lga qo‘ygan holda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimini muntazam nazoratga olamiz.


Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA