Turkiyaning janubi-sharqiy qismidagi viloyatlarda 6 fevral kuni yuz bergan kuchli zilzila oqibatida minglab insonlar qurbon bo‘ldi. Bino va inshootlar jiddiy talofat ko‘rdi.
Ayni paytda ko‘plab davlatlar zilziladan aziyat chekkan Turkiya xalqiga imkon qadar yordam bermoqda, o‘z hamdardligini bildiryapti. Jumladan, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Turkiya yetakchisi bilan telefon orqali muloqot qilib, hamdardlik bildirdi. Ushbu davlatga insonparvarlik yordami va Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilar guruhi yuborildi.
Shu yilning 12 fevraliga qadar Turkiyada motam kunlari e’lon qilindi. Ushbu davlatning Samarqanddagi bosh konsulxonasida ham hamdardlik kitobi ochildi. Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bugun bosh konsulxonaga borib, bosh konsul Salih Janerga hamdardlik izhor etdi.
Shuningdek, hamdardlik kitobida Turkiya xalqiga Samarqand jamoatchiligi va ahli nomidan ta’ziya izhor etib, dil izhorlarini yozib qoldirdi.
Bosh konsullik zilziladan zarar ko‘rgan turk xalqiga moddiy yordam ko‘rsatish niyatidagi o‘zbekistonlik fuqarolar o‘z xayriyalarini “Uzbekistan Ziraatbank” filiallari orqali o‘tkazma to‘lovlarisiz amalga oshirishlari, bolalar va kattalar uchun turli ashyolar, oziq-ovqat mahsulotlarini konsullikka taqdim etishlari mumkinligini ma’lum qildi.
G‘.HASANOV, O‘zA