O‘zbekiston ishchi guruhining Vetnamga tashrifi davomida Xanoy shahrida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ushbu mamlakat Savdo-sanoat palatasi hamda yetakchi kompaniya va uyushmalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kun tartibidan ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida aloqani faollashtirish, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

Vetnam Savdo-sanoat palatasi prezidenti Fam Tan Kong bilan navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davra suhbati tarzida o‘tgan uchrashuvda elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda faoliyat yurituvchi 10 ta korxona rahbari ham ishtirok etdi. “G2B” va “B2B” muzokaralari ishbilarmon doiralarga hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashish, qator yirik investitsiya, savdo loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish, xususan, tayyor to‘qimachilik, charm mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, Vetnam bozorida xaridorgir bo‘lgan O‘zbekiston tovarlarini yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishish imkonini berdi.

V’etnamliklar qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni hayotga joriy qilish, mamlakatimizda biznes yuritishning muvaffaqiyatli tajribasidan kelib chiqib, baliq yetishtirish va ozuqa ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi yangi rejalar orqali faoliyatni kengaytirish niyati bilan o‘rtoqlashdi.

“Vietnam National Textile and Garment Group” raisi V.Anyom bilan muloqotda to‘qimachilik sanoatida qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish masalasi hal etildi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, mamlakatdagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan hisoblanadigan bu korxona 12 ta zavodga ega, 50 davlatga to‘qimachilik mahsulotlari eksport qiladi.

“Vinachem Vyetnam” davlat korporatsiyasi raisi Le Man Xun bilan neft-gaz va neft-kimyo sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Tomonlar bu boradagi hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyat mavjudligini ta’kidlab, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, geologiya-qidiruv loyihalari bo‘yicha sarmoyaviy tashabbuslarni ilgari surish fikri ma’qullandi.

“Vinachem Vyetnam” milliy kimyo guruhi raisi o‘rinbosari Ngo Dai Kuangga O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi, kimyo sanoati bo‘yicha loyihaviy takliflar taqdim etildi. Bir qator investitsiya loyihalari ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishildi.

Yirik biznesmen A.Pxung yurtimizda Vetnamning ilg‘or tajribasiga asoslangan yirik sholi yetishtiruvchi klaster yaratishga qiziqish bildirdi. Ushbu reja amalga oshsa, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga hosildorlikni sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi unib chiqqan niholni ekish va uchuvchisiz apparat yordamida kimyoviy o‘g‘it purkashga ixtisoslashgan yangi texnologiya kirib keladi.

Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha tomonlar barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanligini bildirdi. Muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusi tadbirlar belgilab olindi.

O‘zA