Birlashgan Arab Amirliklarining “DP World” kompaniyasi dengiz va quruqlik portlari, konteyner terminallari, sanoat parklari va erkin iqtisodiy zonalari bo‘yicha dunyodagi eng yirik operatorlardan hisoblanadi. Korxona “Jebel Ali” porti va erkin iqtisodiy zonasi (BAA), London Gatevey (Buyuk Britaniya), Kingdao (XXR), Busan (Koreya), Rotterdamdagi “World Gateway” (Niderlandiya) kabi port, konteyner terminallarini boshqaradi. Olti qit’ada, 40 mamlakatda joylashgan 78 ta dengiz va ichki terminallarga ega.

2022 yil 25 noyabrda mazkur kompaniya bilan “Navoiy” EIZni boshqarish to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida videokonferensaloqa tarzida ushbu bitimda aks etgan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati samaradorligini oshirish loyihasi ijrosi muhokamasiga bag‘ishlangan muzokara bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik, viloyat hokimligi mas’ullari, “DP World” kompaniyasi va “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi vakillari ishtirok etgan tadbirda hamkorlikdagi faoliyat samaradorligini oshirish rejasi tahlil qilindi. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar kelishib olindi. Ustuvor vazifalar qatorida “Navoiy” EIZ rezidentlari sifatida yetakchi xalqaro kompaniyalarni, jumladan, BAAda joylashgan “Jebel Ali” erkin iqtisodiy zonasining yirik ishlab chiqarish korxonalarini jalb etish masalasi ko‘rib chiqildi.

O‘zA