Ma’lumki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab shaharcha, qishloq, ovuldagi har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etilgan edi.

Joylarda mazkur lavozimning samaradorligi qanday kechmoqda?

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Markazobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Akmaljon Qo‘chqorov faoliyati xususida quyidagilarni gapirib berdi:

– Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi hamda hokim yordamchisi lavozimi joriy etildi. Hokim yordamchilariga mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish joylarni tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish kabi vazifalar yuklatilgan.

Shuningdek, hokim yordamchilariga mahallada oilaviy tadbirkorlikka kreditlar berish, lider tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish va ularni jamoat ishlariga jalb qilish, yoshlarni kasbga o‘qitish kabi moliyaviy instrumentlar berildi.

Umuman aytganda hokim yordamchilarining barcha harakatlari halqning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan. Zero aholining farovon turmushiga xizmat qilish ko‘lamini kengaytirish maqsadida joriy etilgan mahalladagi hokim yordamchisi, avvalo, halqning tayanchi bo‘lishi talab etiladi.

Mahallada 340 ta honadon, 510 ta oila, 2 ming 155 nafar fuqaro istiqomat qilib kelmoqda. O‘tgan 2022 yil davomida 81 nafar ishsiz fuqaro mavjud edi, bugungi kunga kelib, bu raqam 26 taga kamaydi. Mahalla hududida 77 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat olib bormoqda. Ularning aksariyati xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi tadbirkorlardir. Hududimizda yirik korxonalar mavjud bo‘lmasa-da, aholimiz xizmat ko‘rsatish hamda o‘zini-o‘zi band qilish orqali ro‘zg‘or tebratishga imkoniyat topib kelmoqda.

Mahalla aholisidan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati ko‘proq qaysi yo‘nalishlarga taalluqli ekanligini o‘rganib chiqamiz. Bu borada axborot almashish platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Mahallamiz pasportini shakllantirish jarayonida aholining gender tarkibini, kasb malakalarini, hoxish-istaklarini, muammolarini o‘rganib, to‘plangan ma’lumotlarni online-mahalla.uz platformasiga joylashtirganmiz. Fuqarolarning hamda hududda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning muammolariga manzilli va sifatli yechim topish uchun mazkur platformaga kelgan murojaatlarni tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish imkoniyati mavjud. Aholi tomonidan ijtimoiy infratuzilma borasida mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha yuborilgan murojaatlarning aksariyati bugungi kunda o‘z yechimini topgani bu boradagi sa’y-harakatlarimiz samara berayotganidan dalolat, albatta.

Mehnat faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarimiz ham ko‘p. Ularning extiyojlaridan kelib chiqqan holda subsidiyalar yoxud imtiyozli kreditlar ajratish ishlari mahalladan chiqmay hokim yordamchisining ko‘magi asosida “onlayn” tarzda amalga oshirilib kelinmoqda. Mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga   joylashtirmoqchi bo‘lgan fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda vakansiyalari mavjud korxona va tashkilotlarga sayohatlar, hududiy mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda.

Alohida qayd etishim lozimki, ayniqsa xotin-qizlar bandligini ta’minlash faoliyatimizning asosini tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsiz erkaklarga nisbatan ishsiz ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ishsiz ayollarni ish bilan, tadbirkorlik faoliyati bilan band qilish jarayonlarida ularning oilaviy holatini yaqindan o‘rganib, imkoniyatlarini inobatga olgan holda kerakli tavsiya va yo‘nalishlarni berishga harakat qilamiz.

“Markazobod” mahalla fuqarolar yig‘inida 1 ming 80 nafar hotin-qizlar ro‘yxatga olingan. Ularning 44 nafari ishsiz ayollar. Ular kasb-hunar markazlari va “Ishga marhamat” monomarkazlariga yo‘naltirilgan. bugungi kunga kelib ularning 26 nafari o‘qishni muvaffaqiyatli bitirib, egallagan kasb-hunari bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. 25 nafar ayolga “Har bir oila –tadbirkor” dasturi asosida imtiyozli kredit ajratilib,o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Mahalladagi norasmiy bandlarning 86 nafari doimiy va mavsumiy ish joyi bilan ta’minlandi, 47 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan.

Kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li mavjud imkoniyatlardan va resurslardan samarali foydalana olish. Kambag‘allik darajasini o‘lchash metodlari va nisbatlari turlicha. Aholining turmush darajasini oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini amalga oshirish borasida mahalladagi “beshlik” birgalikda faoliyat olib boramiz.

Avvalo, kambag‘allikning sababini o‘rganish va uni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Keyinchalik esa kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi. bugungi kungacha bo‘lgan monitoring natijalariga ko‘ra, kambag‘allikka duch kelgan oilalarning aksariyati bu nogironligi bo‘lgan shaxslar,  nafaqaxo‘rlar va bola parvarishi bilan band bo‘lgan ayollar mavjud oilalar ekanligi ko‘rinadi.

Kambag‘allikni qisqartirish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar negizida “Inson qadri uchun” tamoyili yotadi. Bunga misol tariqasida ishsiz va ehtiyojmand fuqarolar uchun ajratiladigan subsidiyalar, moddiy yordamlar, imtiyozli kreditlarni aytishimiz mumkin. Ishsiz fuqarolarni bepul asosda mehnat bozorida katta talabga ega bo‘lgan kasb-hunar turlariga o‘qitish tizimining mavjudligi ham aholining bandligi, daromadini oshirishga qaratilgan harakatdir.

Mahallamizda kam ta’minlangan oilalar soni 97 tani  tashkil etib, shundan 61 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Fikrimni misollar orqali izohlab berishim mumkin. “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi fuqaro I.Tadjimuratovaga “Har bir oila –tadbirkor” dasturi asosida ajratilgan imtiyozli kredit evaziga tikuv mashinasi va overlok olib berildi. Uning oilaviy daromadi amaliy yordam ko‘rsatilgunga qadar oylik jon boshiga 450 ming so‘mdan to‘g‘ri kelardi. Kredit asosida tikuv mashinasi va overlok ajratilgandan so‘ng, daromadi oila jon boshiga 1,5 million so‘mni tashkil etyapti. Natijada oila birinchi toifadan to‘rtinchi toifaga o‘tkazildi.

Shuningdek, “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi fuqaro Z.Qalandarovaga ham subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi. Mazkur fuqaroning oilaviy daromadi amaliy yordam ko‘rsatilgunga qadar oylik jon boshiga 430 ming so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Subsidiya asosida tikuv mashinasi ajratilgandan so‘ng, daromadi oila jon boshiga 1,6 million so‘mga yetdi. Natijada  bu oila ham birinchi toifadan to‘rtinchi toifaga o‘tkazildi.

Mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, aholini barqaror daromad bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Natijada 156  nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi. 86  nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 10 nafariga esa ijara asosida yer ajratildi. Tashkil etilgan yangi tadbirkorlik sub’ektlari soni 23 ta. Shundan 8 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlar, 15 tasi yuridik shaxs sifatida ro‘yxatga olindi.

Mahallada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 ta loyihaga 1 milliard 286 million so‘mlik  imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Lider tadbirkorlarimiz “Chevar-2022” ishlab chiqarish kooperativiga tegishli tikuvchilik korxonasi, “Antiqa baliq taomlari” MCHJga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasi mazkur loyihalar asosida ishga tushirilgan.

Bundan tashqari mahallada umumiy qiymati 800 million so‘mlik 4 ta mikroloyiha ishga tushirildi.10 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Kelgusida mahallamiz “drayveri” ya’ni xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun mahallada mavjud imkoniyatlar va resurslardan foydalangan holda zamonaviy (innovatsion) xizmat ko‘rsatish turlarini joriy qilish orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan konsepsiyani hayotga tatbiq etishni maqsad qilganmiz.

bugungi erishayotgan natijalarim va yutuqlarim birgina meniki emas. Mahallamiz ahlining menga bildirayotgan ishonchi, qilayotgan duolarining samarasi deb bilaman. Yaqinda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi hokim yordamchisi” respublika tanlovining  Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli uchunchi o‘rinni egallab eng yaxshi hokim yordamchisi sifatida e’tirof etildim. Bu men uchun katta rag‘bat, albatta.

Mahalla hududidagi umumiy qiymati 2 milliard 700 million so‘mlik 120 o‘rinli 12-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi qurilishi yakunlanib, 2022 yilning dekabr oyida ishga tushirildi. Mahallaning yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha 0,5 kilometr ichki yo‘lga qora qoplamali asfalt hamda beton asfalt yotqizildi hamda 0,5 kilometr ichimlik suvi quvurlari yangilandi. Bundan tashqari 1 kilometr piyodalar yo‘lakchasi tashkil etilib 40 ta quyosh panelli tungi yoritgichlar o‘rnatildi.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi. 

O‘zA