Zamonaviy o‘zbek-qirg‘iz munosabati barcha sohalarda tegishli yuksalishni boshdan kechirmoqda. bugungi kunda hamkorlikning tabiati, mazmuni ham o‘zgargan. Hozir ilgari kuzatilmagan oliy va yuqori darajadagi doimiy siyosiy muloqot bisyor. Aslida, bu ikki qo‘shni mamlakat uchun xos jihat. Bahsli masalalar faqat va faqat o‘zaro manfaatli usulda, murosa asosida hal etilmoqda. Eng muhimi yaxshi qo‘shnichilik ruhi qaror topmoqda.
Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston: strategik sheriklikning yangi istiqboli” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbati ham yuqoridagi fikrlarimizning yorqin dalili.
Gibrid shaklda uyushtirilgan tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 26-27 yanvar kunlari Qirg‘iz Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi yakuni atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan anjumanda tashqi ishlar vazirliklari, diplomatik korpus vakillari hamda ikki davlat yetakchi “aql markazlari” ekspertlari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘z olganlar asosiy mavzu – O‘zbekiston yetakchisining Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi natijalariga to‘xtalib, ikki davlat rahbarlarining bu galgi muzokaralari tarixiy ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidladilar.
Tadbirda bevosita ishtirok etgan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Asein Isayev yig‘ilganlarga yuzlanar ekan, jumladan shunday dedi:
– O‘zbek va qirg‘iz xalqlari azaliy birodar va bugungi kunda ham bu abadiy do‘stlik har tomonlama, turli sohada rivojlanmoqda. O‘zbekiston Prezidenti yurtimizga tashrifi doirasida mazkur sheriklikni izchil davom ettirish maqsadida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi eksport, import hajmini yanada oshirishga qaratilgan aniq, samarador taklif, tashabbuslarni ilgari surdi.
Millatlar o‘rtasidagi o‘ziga xoslik tarix, madaniy va ma’naviy qadriyatlar, hamkorlik, o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilikning ko‘p asrlik an’analari bilan belgilanadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘zaro munosabat mustahkam poydevorga ega.
G‘ayrat Xonnazarov, O‘tkir Alimov, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA