Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 21-mart kuni Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Navro‘z sayillarida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari dastlab shahardagi markaziy istirohat bog‘ida yaqinda o‘rnatilgan Alisher Navoiy va Jomiy haykallari poyiga gul qo‘ydi. Shu yerda samarqandlik ijodkorlar hamda Navro‘z shodiyonalarida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan tojikistonlik shoir va yozuvchilar bilan muloqot chog‘ida davlatimiz rahbari o‘zbek va tojik adabiyotining bu ikki buyuk vakili xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev bog‘da namoyish etilayotgan madaniy dasturlar, milliy xalq o‘yinlarini tomosha qildi. Viloyat faollari, jamoatchilik vakillari, nuroniylar va yoshlar bilan suhbatlashib, ularni bayram bilan tabrikladi.
– Samarqanddagi Navro‘z tantanalarida ishtirok etishimiz O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarining oqilona siyosati samarasidir, – deydi Xo‘jand davlat universiteti professori Abdusalom Abduqodirov. – Yaqinda Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizga tashrifi davomida imzolangan bir qator hujjatlar, ayniqsa, chegara va viza bo‘yicha erishilgan kelishuvlar yillar davomida o‘z yaqinlari, birodarlarini ko‘rishga orzumand xalqlarimizni mamnun etdi. Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i hududida tojik va o‘zbek adabiyotining buyuk mutafakkirlari – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykallari o‘rnatilgani azaldan qardosh xalqlarimiz ko‘nglidagi ish bo‘ldi. Bu sa’y-harakatlar azaliy an’analarimiz, madaniy aloqalarimizning bardavomligi namunasidir.