Yilning ilk oyida mamlakatimiz tennischilari xalqaro maydonda o‘tkazilayotgan bir qator turnirlarda qatnashmoqda.
Jumladan, Qatarda o‘tayotgan ITF turnirida Humoyun Sultonov hindistonlik Parikshit Somani juftligi Kolluru/Kravsevis juftligini 6:4, 6:3 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi. Endi Sultonov/ Somani tandemi chorak finalda Bakshi/Metreveli jufligiga qarshi kortga chiqadi.
Portugaliyadagi «Chellenjer» turnirida ishtirok etayotgan Sanjar Fayziyev rossiyalik Yevgeniy Karlovskiy juftligi Eysserik/Molchanov tandemiga 1:6, 2:6 hisoblarida imkoniyatni boy berdi.
Turkiyadagi ITF musobaqasida qatnashayotgan yana bir tennischimiz Maksim Shin bugun germaniyalik Paul Voyerner bilan kuch sinashadi.
Avstraliya ochiq chempionati saralash bahslarida harakatlanayotgan Nigina Abduraimova ikkinchi davrada amerikalik Keti Kolinesga qarshi bahs o‘tkazdi va ikki soatu 28 daqiqa davom etgan o‘yinda Keti 6/1, 4/6, 7/6(tay-brekda 10/4) hisobida g‘alaba qozonib, uchinchi bosqichga yo‘l oldi.
Avstraliyadagi nufuzli musobaqaning saralashida qatnashgan Abduraimova ikkinchi bosqichda imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, ishtiroki tufayli WTA reytingi uchun 20 ochko hamda 36 575 Avstraliya dollari miqdoridagi mablag‘ga ega chiqdi.
O‘zA