Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston taekvondo akademiyasi va ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi tizimida O‘zbekiston taekvondo akademiyasi hamda 2023-2024 yillarda hududlarda 14 ta ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari tashkil etiladi.

O‘zbekiston taekvondo akademiyasining asosiy vazifalari: 

taekvondo (WT) bo‘yicha milliy terma jamoalar (kattalar, yoshlar, o‘smirlar, shuningdek, sport faxriylari) a’zolarining jismoniy rivojlanishi, jismoniy tayyorgarligi, funksional holati, texnik-taktik va psixologik tayyorgarligini o‘rganish;

taekvondo (WT) bo‘yicha milliy terma jamoalarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ularga amaliy va ilmiy-metodik jihatdan ko‘maklashish; taekvondo (WT) bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish va mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish;

taekvondo (WT) bo‘yicha ilmiy-uslubiy tavsiyanomalar, o‘quv-qo‘llanmalar, darsliklarni nashrga tayyorlash va chop etishdan iborat.

Ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari esa hududiy terma jamoalar a’zolarining respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun zarur bo‘lgan mahorat va ko‘nikmalarni chuqur rivojlantirilishini ta’minlash;

sportchilar zaxirasini tayyorlash uchun zarur tashkiliy, o‘quv-metodik, psixologik-pedagogik, tibbiy-biologik va moddiy-texnik shart-sharoitlar yaratib beradi.

O‘zbekiston taekvondo akademiyasi innovatsion texnologiyalarga asoslangan, qimmat bo‘lmagan, energiya tejovchi va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurilib, 2023 yil 1 sentyabrga qadar foydalanishga topshiriladi.

Akademiya 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab o‘z faoliyatini boshlaydi.

                                                                                                            O‘zA