Bugun, 6 yanvar kuni Italiyaning Udine shahrida qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasida boshlangan jahon kubogi bahslarida dunyoning 58 ta davlati vakillari qatorida O‘zbekiston sportchilari ham g‘oliblik uchun kurashga kirishdi.
Yilning ilk nufuzli musobaqasi bo‘lgan mazkur bahslarda 800 nafardan ziyod yosh qilichbozlar rapira va sablya yo‘nalishlaridagi yakkalik, jamoaviy bellashuvlarda qatnashmoqda.
Jahon kubogining har jihatdan muvaffaqiyatli o‘tishi uchun hozirlangan 32 ta qilichbozlik yo‘laklarida qiziqarli musobaqalar davom etmoqda.
Musobaqa nizomiga binoan bugun kun davomida o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida rapira bo‘yicha yakkalik bahslar o‘tkazilsa, ertaga 7 yanvar kuni jamoalar o‘rtasidagi chempionat musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari, dunyo reytingining Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridan kelgan yetakchi qilichbozlar ishtirokidagi birinchilikda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining 17 nafar a’zosi ham sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.
Chempionat 8 yanvarga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA