Bugun, 5 yanvar erta tongda Timur Kapadze bosh murabbiyligidagi futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yilning dastlabki yig‘inida ishtirok etish uchun Birlashgan Arab Amirliklariga yo‘l oldi.

Kecha mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb qilingan futbolchilar Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti markazida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Jamoa a’zolarining tahlillari ko‘rib chiqilgach, futbolchilar tor doiradagi shifokorlar qabulida bo‘ldi. Ko‘rik davomida sportchilarning shikoyatlari yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

BAA yig‘iniga 25 nafar futbolchi jalb qilingan bo‘lib, ularning 18 nafari “Olimpik” futbol klubi vakillari hisoblanadi, deyiladi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, safar davomida “Parij-2024” Olimpiadasi saralash bahslarida qatnashishga hozirlik ko‘rayotgan yoshlar jamoamiz 9 va 12 yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklari yoshlar terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi.

Mazkur o‘quv-yig‘in 19 yanvarga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA