Ispaniyaning La Nusiya shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan yosh bokschilarimiz Toshkentga qaytib keldi.

Bugun, 28 avgust kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Vatan sha’nini munosib himoya qilgan bokschilarimiz Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali kutib olindi.

Aytish lozim, Ispaniyada yakunlangan jahon chempionatida 73 ta davlat qatnashgan bo‘lsa, ularning 38 tasi u yoki bu shakldagi medallarga ega chiqdi. O‘zbekistonning yosh bokschilari esa 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ega chiqqan holda umumjamoada dunyo yetakchisi ekanligini yana bir karra namoyish etdi.

Hamyurtlarimiz bu borada dunyoning eng kuchli jamoalari bo‘lgan Kuba, Hindiston, Angliya, Qozog‘iston, Ispaniya, Ukraina, AQSH jamoalarini katta farq bilan ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ayni holat mamlakatimizda iste’dodli bokschilarni tayyorlash, saralash ishlari to‘g‘ri olib borilayotgani, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Murodjon Ahmadaliyev kabi yetuk bokschilarning munosib izdoshlari kamol topayotganini ko‘rsatdi.

Kutib olish tantanalarida mutasaddilar Vatan nomini ulug‘lashdagi vatanparvarlik namunasini ko‘rsatganligi uchun yosh chempionlarga, ularning murabbiylariga minnatdorlik bildirib, bu g‘alabalar keyingi muvaffaqiyatlarga yo‘l ochishini ta’kidladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA