Nukus shahrida erkin va ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari, Jahon chempionatlari sovrindorlari qatnashdiki, bu, musobaqalarning har jihatdan qiziqarli o‘tishini ta’minladi.
Shiddatli bellashuvlarda xalqaro musobaqalarda munosib natijalarni qayd etib kelayotgan G‘ulomjon Abdullayev, Umidjon Jalolov, Zafar Otaxonov, Bobur Islomov kabi mahoratli sportchilar qatori yosh sportchilar Nodirjon Safarov, Ilyas Bekpo‘latov, Arslonbek Jumaboyev, Ajiniyoz Saparniyozov, Sardor Xolmatov g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Chempionatda muntazam ravishda terma jamoaning asosiy tarkibidan joy olib kelgan Abbos Rahmonov, Muhammadrasul Rahimov, Hasanboy Rahimov kabi tajribali kurashchilar bu safargi mamlakat chempionatida 1-o‘ringa ko‘tarila olishmadi. Bu, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari oldidan erkin kurash bo‘yicha mamlakat terma jamoasida har bir vaznda raqobat kuchayganligidan, tarkibga bir qator iste’dodli yoshlar kirib kelayotganligidan dalolat bermoqda.
Qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan 10 ta vazndagi bahslarda 100 nafarga yaqin kurashchilar sovrinli o‘rinlar uchun bahslashdi.
Qiziqarli bellashuvlarda Mushtariy Tolipbekova, Jasmina Immayeva, Dilshoda Matnazarova, Shohida Ahmedova, Laylo Sobirova, Ruxshona Abdurasulova, Dilfuza Ayimbetova, Feruza Esenbayeva Mardona Qadamova va Ozoda Zaripboyeva o‘z vaznlarida 1-o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA