Mo‘ynoqda sohil futboli va voleyboli bo‘yicha “Muynak Sand Cup – 2022” superturniri g‘oliblari aniqlandi.
Turnirni tashkil qilishdan asosiy maqsad, mintaqada sport va festivallar turizmini rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasida sohil futboli va voleybolini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni yozgi sport turlariga jalb qilishdan iborat. Bundan tashqari, turnirni tashkillashtirish orqali tumanda turizm sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalar va xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadi ham ko‘zlandi.
Takidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Futbol assotsiatsiyasi hamda Mo‘ynoq tumani hokimligi tomonidan hamkorlikda musobaqalar ilk marotaba tashkil qilinib, yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
“Muynak Sand Cup – 2022” superturnirida Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan 120 nafardan ortiq sportchi sohil futboli, erkaklar va ayollar o‘rtasida sohil voleyboli bo‘yicha kuch sinashdi.
Shiddatli va qiziqarli musobaqalar natijasida sohil futboli bo‘yicha birinchi o‘rinni Mo‘ynoq tumani jamoasi, ikkinchi o‘rinni To‘rtkul tumani jamoasi va uchinchi o‘rinni Qo‘ng‘irot tumani jamoasi egalladi.
Sohil voleyboli bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi musobaqada Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi birinchi, O‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi jamoasi ikkinchi, Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Sohil voleyboli bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi musobaqada birinchi o‘rinni O‘zbekiston jismoniy tarbiya sport universiteti Nukus filiali jamoasi, ikkinchi o‘rinni Taxtako‘pir tumani jamoasi, uchinchi o‘rinni Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi.
“Muynak Sand Cup – 2022” superturniri g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA