Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi kubogi uchun “Parlament o‘yinlari” sport musobaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020 yil 30 dekabrdagi “Parlament o‘yinlari” sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, senatorlar va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilayotgan musobaqada ishtirokchilar sportning mini-futbol, voleybol, stol tennisi va badminton turlari bo‘yicha bahslashdi.
Musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi yakunlanib, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari A.Davletov g‘oliblarni qutlab, Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tadigan hududiy bosqichda ham yuqori o‘rinlarni egallashiga ishonch bildirdi.
Sport musobaqalarining mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi apparati xodimlari, voleybol bo‘yicha xalq deputatlari Nukus tumani Kengashi deputatlari jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Stol tennisi bo‘yicha erkaklar o‘rtasida xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashi deputati Inomjon Boltaboyev, xotin-qizlar o‘rtasida xalq deputatlari Qorao‘zak tumani Kengashi deputati Gulzira Sadikova, badminton bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida Jo‘qorg‘i Kenges deputati Zuxra Reymova birinchi o‘rinlarni egallab, Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tadigan hududiy bosqichga yo‘llanma oldi.
“Parlament o‘yinlari” sport musobaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA