Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 25 may kuni qabul qilingan “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi va mazkur dasturni 2022-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha maxsus “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2023 yildan boshlab yurtimizda etnosport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar, “Uzbekiston Ethno Games” respublika festivali, Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba “Xalqaro etnosport festivali” va “Polvonlar sulolasi” kabi keng ko‘lamdagi tanlovlarni tashkil etish, shuningdek, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.

Mazkur hujjat xalqimiz uchun g‘oyatda muhim bo‘lib, u mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarning mantiqiy davomidir.

Xususan, hujjat mazmuni xalqimizning bir necha asrlardan buyon yig‘ilgan ma’naviy boyliklari, urf-odatlari, milliy an’analari va o‘yinlarini qayta tiklash, umuminsoniy qadriyatlarni takomillashtirib, mazmunan qayta boyitishga xizmat qiladi.

Qarorning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga bir oy muddatda har bir tuman (shahar)ning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, aholining fikr va mulohazalarini inobatga olgan holda, joriy yil uchun milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirish va rivojlantirish, sport musobaqalarini tashkil qilish bo‘yicha hududiy dasturlarni qabul qilish, shuningdek, kelgusida shunday dasturlarni har yili 1 fevralga qadar tasdiqlash va ijrosini ta’minlash vazifasi topshirildi.

O‘zbekiston ko‘p millatli davlat. Unda qardosh turkiy xalqlar bilan birga 130 ga yaqin millat vakili hamjihatlik, totuvlikda, bir oila farzandlaridek istiqomat qilib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida har bir sohada sermahsul mehnat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Qoraqalpoq xalqi o‘ziga xos boy madaniy merosi, adabiyoti, madaniyat va san’ati, folkloriga ega. Bular ichida etnosport, milliy sport turlari va xalq o‘yinlari o‘zining rang-barangligi va boshqa xalqlarda kam uchrashi bilan ajralib turadi.

Shu bilan birga, qoraqalpoq milliy o‘yinlari o‘zining ko‘p yillik tarixiga ega. Masalan, milliy sport o‘yinlaridan biri “Qocharman to‘p”ning paydo bo‘lganiga ming yildan oshgan. O‘tgan yillar davomida taniqli olimlar bu borada qator ilmiy ishlar olib borgan.

Olimlarning izlanish natijalariga suyangan holda aytish mumkinki, qoraqalpoq xalqining birgina harakatli o‘yinlari soni ellikdan ortiq. Ulardan ko‘pchiligini biz bolaligimizda o‘ynaganmiz, o‘yin qoidalarini yaxshigina o‘zlashtirganmiz.

Masalan, “Qocharman to‘p”, “Labirint”, “Oldimda nima bor”, “To‘xta”, “Oshiq o‘yin”, “Qo‘l urmoq”, “Ovchilar, o‘rdaklar”, “Tortishmoq”, “G‘ozlar, Oqqushlar”, “To‘p otish”, “Oq terakmi, ko‘k terak”, “Chag‘alay”, “Arqon tortishish”, “O‘smirlar o‘yini”, “Chullik”, “Ot ustida nayza uloqtirish”, “Ro‘mol tashlash”, “Yashinmachoq”, “To‘qmoq”, “Peshonaga chertish”, “Xo‘roz urishtirish”,  “Arqondan sakrash”, “Indagi bo‘ri”, “Besh tosh”, “Ko‘pkari”, “Tepmoq”, “Langi”, “Hakka-qayerda” “Tiyin” kabi milliy o‘yin turlari shular jumlasidandir.

Afsuski, so‘ngi yillarda hayotimizga axborot kommunikatsiya texnologiyalarining keng kirib kelishi bilan yuqorida qayd etilgan milliy sport turlari bilan xalq o‘yinlarining ommaviyligini ancha susaytirdi. Bolalar aksariyat hollarda, milliy o‘yinlar bilan emas, balki, uyali telefonlardagi, internet tarmoqlaridagi o‘yinlar bilan band bo‘lib qoldi.

To‘g‘ri, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini aholi o‘rtasida keng ommalashtirishga umumxalq Navro‘z bayrami doirasidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarda e’tibor qaratib kelinmoqda. Ammo bu muammoning yechimi bo‘lolmayapti.

Ushbu masalaga qarorda alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, tegishli vazirlik va idoralarga targ‘ibot borasida turkum maqolalar tayyorlash, teleradiokanallar va Internet tarmoqlarida maxsus ko‘rsatuvlar, eshittirishlar va videoroliklar tayyorlab, muntazam yoritib borish, milliy sport turlari va xalq o‘yinlari mazmun-mohiyati haqida kitoblar, jumladan, “Milliy xalq o‘yinlari” qo‘llanma kitobini nashr qilish, xullas, targ‘ibotning buklet, banner va flayer kabi barcha turlaridan keng foydalanish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Mamlakatimizdagi globallashuv jarayonlaridan olib qaraganda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mazkur qaror, milliy qadriyatlarimizni qayta keng jonlantirishdagi muhim tashabbus hisoblanib, u kelajak avlodlarning ma’nan, jismonan va ruhan sog‘lom insonlar bo‘lib voyaga yetishishida, ularni milliy meroslarimizga hurmat va faxr ruhida tarbiyalashda, shuningdek, ko‘p millatli davlatimizning butun dunyo miqyosidagi obro‘-e’tiborini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Charjao‘ Yelmuratov,
jurnalist.