Nukus shahridagi 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida yoshlar o‘rtasida mini futbol va futbol bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tiborga to‘xtaldi. Musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

An’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan ushbu musobaqa uyushmagan, kam ta’minlangan va ishsiz yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, chekka hududlarda mini futbol va futbolni ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlashga xizmat qilmoqda.

Musobaqalarda shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 17 ta mahalla, ovul hamda shaharcha fuqarolar yig‘ini jamoalari ishtirok etadi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, futbol bo‘yicha musobaqalar bugun  8 iyun kuni, mini futbol bo‘yicha musobaqalar 14 iyun kuni boshlanadi.

G‘olib jamoalar  avgust oyida bo‘lib o‘tadigan final bosqichiga yo‘llamani qo‘lga kiritadi.

Dovud ABIBULLAEV, 
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA