Amudaryo nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki mamlakatimiz miqyosidagi paxta va pilla yetishtirish bo‘yicha yirik tumanlardan biri hisoblanadi. Tumanda har yili davlatga qariyb 230 tonnadan ziyod yuqori sifatli sanoat xom ashyosi – pilla hosili yetkazib beriladi.

Joriy yilning dastlabki hosili – pilla xom ashyosini yetishtirish maqsadida pillachilik tarmog‘iga ega fermer xo‘jaliklarida mavsum yumushlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, pillakorlar o‘z ixtiyorlaridagi tut plantatsiyalarida bahorgi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirdi. Avvaldan mavjud bo‘lgan, kuzgi va bahorgi ko‘chat ekish mavsumlarida yangidan bunyod etilgan tutzorlarni oziqlantirish, qurigan shoxlarini butash va kallaklash ishlari bajarilib, ularning hosildorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Ipak qurti boqish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rilib, qurtxonalarda ta’mirlash, ohaklash kabi mavsum oldi tadbirlari olib borildi.

“Jayxun Silk” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ipak qurti boqish mavsumiga 4163 quti ipak qurti urug‘i zooveterinariya qoidalari asosida jonlantirilib, pillachilik tarmog‘iga ega fermer xo‘jaliklarining ijarachi pillakorlariga shartnoma asosida tarqatib berildi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 8 iyuldagi “Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 dekabrdagi “Pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga ular tomonidan yetishtirilgan pilla (ho‘l pilla) hosili uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida pillakorlarga yetishtirilgan ho‘l pilla  hosilining har bir kilogrammi uchun o‘rtacha 24 ming 700 so‘mdan pul berilishi belgilangan. Bundan tashqari, hukumat qaroriga ko‘ra, yetishtirilgan ho‘l pilla hosilining har bir kilogrami uchun 5000 so‘mdan subsidiya ajratilishi pillakorlarning moddiy manfaatdorligini oshirish imkonini bermoqda.

Tumanning pilla xirmoni yuksalishida To‘lqin ovuli hududidagi fermer xo‘jaliklarining ijarachi pillakorlari hissasi katta bo‘lmoqda. Ipak qurti boqish mavsumida har yili shartnomaviy rejani hamisha oshirib ado etib kelayotgan Azimaxon O‘rozboyeva joriy yil 1 quti qurt urug‘ini zooveterinariya qoidalari asosida parvarishlab, yuqori sifatli pilla hosili yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. U 19 gramm ipak qurti urug‘idan rejadagi 57 kilogramm o‘rniga 70 kilogramm hosil oldi.

To‘lqinlik pillakorlar orasida Azimaxon kabi mohir pillakorlar ko‘p. Mavsumda 1 quti ipak qurti urug‘idan rejadagi 57 kilogramm o‘rniga 84 kilogramm yuqori sifatli pilla hosili yetishtirib, shartnomaviy rejasini ham, majburiyatini ham oshirib ado etgan Matluba Saidametova karvonboshilik qilmoqda. Ovuldagi yana bir mohir pillakor Umida Qurbonboyeva ham 19 gramm ipak qurti urug‘ini astoydil parvarishlab, joriy yil pilla topshirish mavsumini muvaffaqiyatli yakunladi. U shartnomaviy rejadagi 57 kilogramm o‘rniga 72 kilogramm hosil olishga erishdi.

Tuman pillakorlarining shijoati baland. Qabul maskanlarida yetishtirilgan mo‘l pilla hosilini yig‘ishtirib olish, sifati buzilmasidan pillani qabul qilish maskanlariga topshirish va quritish, g‘umbagidan ajratish va saralash ishlari qizg‘in olib borilmoqda. 237 tonnalik Amudaryo “kumush tola” xirmonini yaratish borasidagi barcha tadbirlar izchillik bilan davom ettirilyapti.

O‘zA