Britaniya ishbilarmonlarining nufuzli «Capital Finance International» nashri sahifasida mamlakatimizda izchil davom etayotgan xususiylashtirish jarayonlari mavzusini qamrab olgan maqola e’lon qilindi.

Unda qayd etilganidek, pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston 2020 yilda iqtisodiy o‘sishga erishgan dunyoning sanoqli mamlakatlaridan biri bo‘ldi. Nashrning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Toshkent o‘z salohiyati bilan xalqaro tahlilchilarni hayratga solayotir. «2021 yili xususiylashtirish dasturi va tegishli «Yo‘l xaritasi»ni hayotga tatbiq etish borasida katta qadamlar tashlandi – qimmatli bozorlar yo‘nalishida yangicha yondshuv shakllantirildi.

Sotilayotgan aktivlar uchun mas’ul bo‘lgan yangi agentliklar tashkil etildi, kapital bozori qoidalariga bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Shu bilan birga, yetakchi davlat kompaniyalari menejmenti yangi sharoitlarda harakat qilish borasida ko‘mak ko‘rsatadigan texnokratlar va xalqaro darajadagi sobiq bankirlarning ishtiroki tufayli tinch inqilobni boshdan kechirmoqda», deb yozadi nashr.

Capital Finance International ma’lum qilganidek, yaqin uch yil ichida 620 ta davlat korxonalari to‘liq yoki qisman sotuvga qo‘yiladi. Ulardan salkam 15 tasi jahon darajasidagi kompaniyalar hisoblanadi.

Dunyodagi eng yirik oltin konlaridan birining egasi bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatidan tortib, to milliy neft-gaz flagmani – O‘zbekneftegazgacha. Ular O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 15 foizini ta’minlaydi. Bu jarayonga xalqaro maslahatchilar faol jalb etilmoqda.

O‘zA