O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Uchinchi Renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari nazarda tutgan Uchinchi Renessans — mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyoti, iqtisodiyot va jamiyat istiqboli, xalqqa xizmat qilish va kishilarni rozi qilishday ezgu niyat bilan amalga oshirilayotgan barcha yutuqlarning asosidir.
Bu yil o‘zining 75 yillik yubileyini nishonlayotgan, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilgan, umrini ilm-fanga baxshida etgan iqtisod fanlari doktori, professor Nurislom To‘xliyev konferensiyada qutlandi.
Shuningdek, davlat va jamoat arboblari, xorijiy va mahalliy olimlar, professor-o‘qituvchilar xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirdi.
Yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar inson qadrini ulug‘lashga, uning orzu-umid, ezgu maqsadlarini ro‘yobga chaqarish uchun xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” da’vatkor g‘oyasi ilgari surildi, – dedi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev. – Bunda g‘oyat chuqur ma’no bor. Milliy tiklanish, o‘zligimizni anglash, milliy davlatchiligimizning asoslarini qaytadan barpo etish bosqichi tugadi. Endi O‘zbekistonning o‘z tarixiy, sivilizatsion o‘rnini yangitdan tiklash, o‘zbek xalqining genetik insoniy potensialiga monand taraqqiyot darajasini ta’minlash – Uchinchi Renessans rivojining davri keldi.
– Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “yangi” degan so‘zning biz uchun alohida ahamiyati bor, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov. – Shu ma’noda, bundan besh yil oldin qabul qilingan Harakatlar strategiyasida o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qo‘yganimiz bejiz emas. Prezidentimiz biz intilayotgan ana shu ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarish yo‘lida hayotimizning turli sohalarida qo‘lga kiritilgan natijalar va bu borada oldimizda turgan mas’uliyatli vazifalar haqida so‘z yuritadi.
Darhaqiqat, Ona diyorimizda yashayotgan har bir fuqaro yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarida sobidqadam bo‘lishi zarur. Buyuk kelajak sari intilish, yangi O‘zbekistonni barpo etishda munosib hissa qo‘shish, davlatimiz rahbari boshlagan ezgu tashabbus va maqsad yo‘lida birga harakat qilish, birlashish zarur.
Xalqaro konferensiya majlisi “Renessansning tarixiy, siyosiy va madaniy shart-sharoitlari, shakllanish omillari”, “O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy asoslari”, “Jahon va O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari”, “Uchinchi Renessansni shakllantirishda turizm sohasi samaradorligini oshirish mexanizmlari”, “Uchinchi Renessansni shakllantirish sharoitida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish” mavzularida, sho‘’balarga bo‘lingan holda o‘z ishini olib bordi.
Anjumanda 200 ga yaqin xorijiy hamda mahalliy soha vakillari tomonidan mavzuga oid ma’ruzalar qilindi. Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi davlatlarning olimlari ham o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Sohada mavjud muammolar, ularga yechim topish yo‘llari, ilmiy tadqiqotlar natijalari o‘rtoqlashildi. Anjuman tashkilotchilari tomonidan konferensiyaga kelib tushgan maqolalar hamda mutaxassislar tomonidan qilingan ma’ruzalar matni to‘plam holida nashr etildi.
Konferensiyada ko‘rilgan masalalar, ular orqali chiqarilgan xulosalar, tavsiya va takliflar amaliyotda o‘z o‘rnini topishi va respublika iqtisodiyotini, mamlakatda turizm sohasi va uning infratuzilmasini rivojlantirishda muhim hissasini qo‘shishiga ishonch bildirildi.
N.Usmonova, O‘zA