O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, yirik loyihalar bilan tanishish, aholi bilan muloqot qilish maqsadida 21-22 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.

Qarshi shahrida 22 aprel kuni xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida yig‘ilganlarni Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan tabrikladi. Qashqadaryo viloyati mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi o‘rin tutishini ta’kidladi.

– O‘tgan yili 11 oktyabrda bo‘lgan saylovoldi uchrashuvida, sizlar bilan birga Qashqadaryoni kelgusi besh yilda rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha katta maqsadlarni qo‘ygan edik, – dedi Prezident. – Kecha Qashqadaryoni ertalabdan kechgacha aylanib, odamlarning ko‘ziga qarab, shu rejalarimizga odamlar ishonyaptimi, o‘zgarishlarni sezyaptimi, deb e’tibor berdim. Bularni kim qiladi? Rahbar qiladi – fidoyi, xalqini sevadigan, elni birlashtiradigan rahbar. Agar fidoyi hokim kelsa, odamlar darrov sezadi.

Davlatimiz rahbari hozirgi tahlikali zamonda ichki imkoniyatlarga tayanish va ularni samarali ishga solish zarurligini ta’kidladi.

– Qayerga uddaburron rahbar qo‘yilgan bo‘lsa, natija bo‘layapti. Qashqadaryoga, 3 yarim milliondan ko‘p aholisi bo‘lgan elga rahbar bo‘lish oson emas. Bunday rahbar topish ham oson emas. Qashqadaryoning yeri boy, tuprog‘i unumdor, odamlari mehnatkash. Faqat ularni birlashtirib, yelkadosh bo‘lib, halol ishlash kerak. Hokimni hokim qiladigan, uni ishini ko‘rsatadigan shu xalq. Mahalliy deputatlar, nuroniylar, umuman, odamlar befarq bo‘lmasa, Qashqadaryoning qadamlari tezlashadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari 2021 yil noyabr oyidan buyon Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Azimov Murotjon Berdialiyevich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

M.Azimov 1976 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. Buxoro viloyati prokurori, Bosh prokuror o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi vazifalarida ishlagan.

Xalq deputatlari, mehnat faxriylari, xotin-qizlar, yoshlar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Sessiyada viloyatni kompleks rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalish va vazifalar muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda viloyatda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili 25 dekabrda G‘uzor tumanida sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradigan “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirildi. Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish loyihasi qurilishi boshlandi.

Davlat dasturlariga ko‘ra, joriy yilda Qashqadaryoga 1,5 trillion so‘mdan ziyod mablag‘lar ajratilib, jami 2 ming 800 kilometr muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, 160 ta ijtimoiy soha ob’ektlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Prezident sessiyadagi nutqida bundan keyingi vazifalarga, yechimini kutayotgan muammolarga ko‘proq to‘xtaldi.

Misol uchun, viloyat aholisining atigi 43 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Ayniqsa, Koson, Dehqonobod, G‘uzor, Qamashi tumanlarida suv ta’minoti juda past. Gaz, elektr, ichki yo‘llar, transport, qishloq xo‘jaligi, bank-kredit sohalarida ham muammolar bor.

Viloyatda 108 ta tibbiyot muassasasi, 172 ta maktab, 144 ta bolalar bog‘chasi ta’mirtalab ahvolda. Ko‘plab bog‘cha va maktablarda isitish tizimi ishdan chiqqan. 19 ta maktabda qatnov koeffitsiyenti yuqori bo‘lib, o‘quvchi o‘rinlari yetishmaydi.

Shu bois, joriy yilda Qashqadaryoda ijtimoiy soha va infratuzilmani yaxshilash uchun respublika byudjetidan qo‘shimcha 360 milliard so‘m ajratilishi ta’kidlandi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 100 million dollar imtiyozli mablag‘lar yo‘naltiriladi.

bugungi kunda 350 ming odam ishga muhtojligi, yangi mahallabay tizim asosida ularni tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilikka jalb etish muhimligi qayd etildi.

Viloyat ulkan sanoat salohiyatiga ega bo‘lsa-da, yalpi hududiy mahsulotda sanoat ulushi atigi 18 foiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Shuning uchun 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan umumiy qiymati 14,7 trillion so‘m bo‘lgan 270 ta sanoat loyihalari dasturi shakllantirilgani ma’lum qilindi.

Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi quvvatini kengaytirish, G‘uzorda quyosh elektr stansiyasi barpo etish, Dehqonobod va Qamashida qurilish materiallari klasterini ishga tushirish, Kitob tumanida sement zavodi tashkil qilish kabi yirik loyihalar boshlangan.

Kuni kecha imzolangan Prezident qarorida Qashqadaryodagi tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirishga 45 million dollar yo‘naltirilishi belgilangan.

Qishloq xo‘jaligida 7,4 trillion so‘mlik 524 ta loyihani amalga oshirib, 286 mingta ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.

Jumladan, 40 ming gektardan ortiq yerlar qayta foydalanishga kiritiladi. 20 ming gektarda anorzorlar barpo qilinadi. Yakkabog‘, Chiroqchi, Qamashi, Shahrisabz va Kitob tumanlarini suv bilan ta’minlash uchun “Ayoqchisoy” sel suv ombori quriladi. Tomorqada meva-sabzavot yetishtirish, chorvachilik va kovrakchilik qo‘llab-quvvatlanadi.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilda Qashqadaryoda 5 ming xonadonli 143 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshiriladi.

1 ming 823 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari hamda 1 ming 570 kilometr ichki yo‘llar quriladi, 9 mingdan ziyod aholining gaz ta’minoti qayta tiklanadi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida bu yil 30 ta maskan qiyofasi yaxshilanadi.

Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar, tibbiyot punktlari qurish, yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddi rahbarlar Prezident aytgan ustuvor vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan xalq deputatlari oldida hisobot berdi.

Davlatimiz rahbari shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan suhbatlashib, ular bildirgan takliflarni qo‘llab-quvvatladi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi kichik sanoat zonasida joylashgan “UzShoes” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lumki, Qashqadaryoda charm xomashyosi ko‘p. Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashrifi chog‘ida bu imkoniyatdan foydalanib, charm mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shundan so‘ng hududda 4 ta loyiha ishga tushirildi.

Xususan, “UzShoes” korxonasi belaruslik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 6 million dollar evaziga tashkil etildi. Korxonaga Germaniya, Italiya va Avstriyadan uskuna va jihozlar keltirib o‘rnatildi. 350 ta ish o‘rni yaratildi.

Korxona yiliga 500 ming juft poyabzal ishlab chiqarish quvvatiga ega. bugungi kunda erkaklar, ayollar va bolalar uchun 10 turdagi charm poyabzallar tayyorlanmoqda. Sifatli va chiroyli bu mahsulotlar import o‘rnini bemalol bosadi.

Shu bilan birga, Qarshida tikilgan poyabzallar Yevropa mamlakatlaridagi 100 dan ortiq savdo do‘konlarida sotilmoqda. Shuningdek, qo‘shni davlatlar va Hindiston bilan kelishuvlarga erishilgan.

Davlatimiz rahbari poyabzallarni tayyorlash jarayonini ko‘zdan kechirdi, shu yerda ishlayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Shuningdek, Prezident Qarshi shahrida sport ta’limi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Sportni rivojlantirish vaziri yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha 1 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishdagi vazifalar ijrosi to‘g‘risida hisobot berdi. Mutasaddilarga chet ellik mutaxassislarni jalb etib, seleksiya ishlari va o‘quv dasturini to‘g‘ri shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Abdulaziz MUSAEV,

O‘lmas BAROTOV,

O‘zA muxbirlari