O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Tokio shahrida Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayashi bilan uchrashdi.
Muloqot siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda aloqani yanada faollashtirish, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik doirasida qo‘shma tashabbuslar amalga oshirishning joriy holati muhokamasiga bag‘ishlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat yuksak ishonch va o‘zaro anglashuv bilan ajralib turadigan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Bu hamkorlikning yangi mexanizmlarini joriy etish, yangi yo‘nalishlarda yaqin aloqa o‘rnatish imkonini bermoqda.
Uchrashuv chog‘ida siyosat, investitsiya, savdo, moliya, sanoat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va innovatsiya sohalarida konstruktiv muloqotni kengaytirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Shu oyda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasidagi tashqi ishlar vazirlari 8-yig‘ilishi mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi. Aloqani yanada kengaytirish, o‘zaro hamkorlik kun tartibini muloqotda ishtirok etuvchi mamlakatlarning barqaror rivojlanishini ta’minlashga yo‘naltirilgan mintaqaviy ahamiyatga molik o‘zaro manfaatli loyihalar bilan boyitish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, xususiy sektorni rivojlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish jarayoni tahlil etildi. Yuzaga kelayotgan barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi.
O‘zA