Mamlakatda choy poytaxti sifatida mashhur bo‘lgan Rize shahridagi Rejep Tayyip Erdog‘an universitetida Turkiyada noyob kutubxona ochilgani ma’lum bo‘ldi. “TRT Haber” agentligi oliygohda “choy kutubxonasi” ish boshlagani haqida xabar berdi.
– Kutubxonada choy haqida turk va ingliz tillarida jami 938 ta kitob, jurnal, doktorlik dissertatsiyalari, maqola va tadqiqotlar mavjud. Nashrlarda turk aholisi orasida eng mashhur an’anaga aylangan choy ichish madaniyati, uning navlari, o‘simliklari va tarixi haqida ko‘plab ma’lumotlar bor, – deyiladi xabarda.
Universitet rektori X.Karaman bunday turdagi kutubxonalar o‘quvchi u yoki bu ma’lumotni izlash uchun ko‘p vaqtini boy bermay, kerakli bilimlar olishiga xizmat qilishini ta’kidlagan.
– Kutubxonamizda eng mashxur ichimliklar haqida turkiy va xorijiy materiallarning ko‘p qismini to‘plashga harakat qildik. Ba’zi nashrlarni elchixonalar va konsulliklarimiz orqali turli mamlakatlardan olishga muvaffaq bo‘ldik. Kitob fondimizni qiziqarli asarlar bilan boyitish uchun bu jarayon davom ettiriladi, – deya intervyu bergan universitet rektori.
Bundan tashqari, Rejep Tayyip Erdog‘an universitetida Qora dengiz haqidagi yana bir boy kutubxona mavjud, u 734 ta asar bilan boyitilgan.