Fransiya prezidentligi saylovining dastlabki bosqichidan so‘ng, kutilganidek, mamlakatning amaldagi yetakchisi Emmanuel Makron va uning asosiy raqobatchisi Marin Le Pen boshqa da’vogarlarni sezilarli darajada ortda qoldirishmoqda. Bu ikki siyosatchida bir xil – 24 foiz ovoz qayd etildi. Bu haqda Belgiyaning «LaLibre» gazetasi ma’lum qilgan.

Davlat rahbarligi uchun boshlangan «poyga»da peshqadamlarni o‘ta so‘l qarashga ega “Bo‘ysinmas Fransiya” partiyasi vakili Jan-Lyuk Melanshon 19 foiz natija bilan izma-iz ta’qib qilib bordi. Keyingi o‘rinlarni markazchilarning “Respublikachilar” partiyasi a’zosi Valeri Pekress va o‘ta o‘ng qarashlarni yoqlovchi nomzod Erik Zemmur band etgan. Ular 8 foizdan ovoz to‘pladi.
Fransiya prezidenti 5 yil muddatga saylanadi. Birinchi turda da’vogarlarning hech biri mutlaq ustunlikka ega bo‘lolmasa, ya’ni 50 foizlik chegaraga yeta olmasa, ikkinchi tur o‘tkaziladi. Demak, rejaga ko‘ra, kurash 24 aprel kuni davom etadi.