O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
So‘nggi uch yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 1 500 dan ortiq qishloq va mahallalardagi yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi, shuningdek, ularda istiqomat qilayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, respublikada o‘tkazilgan xatlov natijasida ijtimoiy-iqtisodiy muammolari ko‘p bo‘lgan 1 071 ta qishloq va mahallalar mavjudligi aniqlandi.
Bundan tashqari, qishloq va mahallalarning 179 tasida paxsadan va xom g‘ishtdan qurilgan umumta’lim maktablari (maktab filiallari) faoliyat ko‘rsatmoqda, 5 568 tasida 29 ming kilometr tuproq yo‘llar qattiq qoplamaga (qum-shag‘al, asfalt) o‘tkazilmagan, 1 540 tasi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, shuningdek, 49 tasida jamoat transporti qatnovi hamda 781 tasida chiqindi yig‘ish xizmatlari yo‘lga qo‘yilmagan.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishni izchil davom ettirish orqali aholining turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:
1. Tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlari tomonidan Xalq qabulxonalari va mahalliy hokimliklarga tushgan murojaatlar soni, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududda joylashganligi, aholi va tadbirkorlarning o‘zlari istiqomat qilayotgan hududni birgalikda obodonlashtirish haqidagi tashabbuslari mavjudligini inobatga olgan holda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari (keyingi o‘rinlarda – Dasturlar) doirasida 2022 yil uchun:
qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan jami 413 ta qishloq va mahalla tanlab olinganligi;
tanlab olingan qishloq va mahallalardagi yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining manzilli dasturlari tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan qishloq va mahallalar soni bo‘yicha maqsadli parametrlar 1-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 1a-1n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar bo‘yicha maqsadli parametrlar 2-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun moliyalashtirish manbalari 2a-2n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarining maqsadli parametrlari 3-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 3a-3n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida mintaqaviy yo‘llar (ichki ko‘chalar) va ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini yaxshilash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari 4-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 4a-4n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida elektr ta’minoti tizimini yaxshilash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari 5-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 5a-5n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida gaz ta’minoti tizimini yaxshilash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari 6-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 6a-6n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida uy-joy fondini yaxshilash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari 7-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 7a-7n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari komplekslari, bozor infratuzilmasi ob’ektlarini qurish hamda ta’mirlash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari 8-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 8a-8n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida aloqa, axborotlashtirish va aholiga transport xizmati ko‘rsatish tizimini yaxshilash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari 9-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 9a-9n-ilovalarga muvofiq;
2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida aholi punktlarini obodonlashtirish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning maqsadli parametrlari 10-ilovaga, shuningdek, 2022 yil uchun ularning manzilli ro‘yxatlari 10a-10n-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripovga, zarur hollarda, ushbu band bilan tasdiqlanayotgan maqsadli parametrlar va manzilli ro‘yxatlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining takliflari asosida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Respublikadagi mavjud qishloq va mahallalarda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida aholi uchun dolzarb bo‘lgan muammolarni o‘rganish yuzasidan o‘tkazilgan xatlov jarayonida aniqlangan ijtimoiy-iqtisodiy muammolari ko‘p bo‘lgan 1 071 ta qishloq va mahallalarning Dasturlarga birinchi navbatda kiritilishi talab etiladigan 447 tasidan 263 tasi 2022 yil uchun manzilli ro‘yxatlarga kiritilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq Dasturlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni va kelgusi yillar uchun manzilli ro‘yxatlarni shakllantirishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadigan hududiy dasturlarni ishlab chiqishda ularga ustuvor ravishda ushbu bandda nazarda tutilgan 184 ta qishloq va mahallalarni kiritish choralarini ko‘rsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Dasturlar doirasida:
ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlari hamda yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlari respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan tegishlicha Moliya vazirligi huzuridagi Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi orqali;
ijtimoiy soha ob’ektlarini va boshqa ob’ektlarni qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti hamda viloyatlar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalari orqali;
elektr energiyasi, tabiiy gaz, aloqa va axborotlashtirish tarmoqlarini qurish-ta’mirlash ishlari tegishlicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zbektelekom” AKning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
b) ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlariga asosan ajratilgan mablag‘lar yetishmagan taqdirda, ushbu ob’ektlarni qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi;
v) yo‘llarni ta’mirlash uchun qoldirilgan zaxira mablag‘lari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan belgilab berilgan qishloq va mahallalardagi yo‘llarni ta’mirlashga “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) qaroriga asosan yo‘naltiriladi.
5. Moliya vazirligi respublika byudjetidan Dasturlar doirasida ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 2 trillion so‘m va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 1 trillion so‘m mablag‘ ajratsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti hamda mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan ijtimoiy soha va boshqa ob’ektlarni qurish (ta’mirlash) va obodonlashtirishga 1,4 trillion so‘m mablag‘ni mazkur qarorning 2, 2a-2n-ilovalarida belgilangan miqdorlarda ajratilishini ta’minlasin.
6. Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha buyurtmachi etib:
ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlari (ijtimoiy sheriklik loyihalari bundan mustasno), ijtimoiy soha ob’ektlari va qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari markazlashtirilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan boshqa ob’ektlar bo‘yicha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK DUK;
ichki avtomobil yo‘llari bo‘yicha – Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK;
elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlari bo‘yicha – tegishlicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ hamda “O‘zbektelekom” AK hududiy filiallari;
ichimlik suvi ta’minoti sohasidagi ijtimoiy sheriklik loyihalari bo‘yicha – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi belgilansin.
7. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish hamda ekspluatatsiya qilishni tashkil etish sxemasi 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2023 yildan boshlab:
qishloq va mahallalardagi mavjud ishlab chiqarish hamda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining haqiqiy holati tasdiqlangan mezonlar asosida baholanib boriladi;
baholash natijalariga ko‘ra eng past ko‘rsatkich qayd etgan va o‘tgan davr mobaynida Dasturlarga kiritilmagan qishloq va mahallalar Dasturlarga birinchi navbatda kiritiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq va mahallalardagi mavjud ishlab chiqarish hamda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining haqiqiy holatini baholash mezonlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Respublika komissiyasiga kiritsin.
9. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda joriy yil 15 mayga qadar ishlab chiqilgan mezonlar asosida qishloq va mahallalarni baholashdan o‘tkazsin va ularning reyestrini shakllantirsin.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
2022 yil 15 aprelga qadar qishloq va mahallalarda yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining manzilli ro‘yxatlariga muvofiq ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini ta’minlasin. Bunda, har bir ob’ekt identifikatsiya raqami berilgan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi va “Byudjet nazorati” elektron dasturiga kiritiladi;
Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan ishlar hajmi va smeta qiymatlarining asossiz ravishda oshib ketmasligi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin;
Dasturlarga kiritilgan qishloq va mahallalarning bosh reja sxemalari hamda batafsil rejalashtirish loyihalari hududiy loyiha tashkilotlari tomonidan oldindan ishlab chiqilishini va ular bilan bog‘liq tadbirlarning tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini ta’minlasin;
joylarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, infratuzilma ob’ektlarini qurish hamda ta’mirlash ishlarini moliyalashtirishga aholi va tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari, homiylik xayriyalari, tijorat banklari kreditlarini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mablag‘larni jalb qilish choralarini ko‘rsin;
Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlariga, birinchi navbatda, shu hududda yashayotgan hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan yoki mehnat migratsiyasidan qaytgan ishsiz va band bo‘lmagan aholini jalb qilish choralarini ko‘rsin;
har oy yakuni bo‘yicha Respublika komissiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligiga Dasturlar doirasida bajarilgan ishlar va moliyalashtirilgan mablag‘lar to‘g‘risida axborot kiritib borsin.
11. Qurilish vazirligi:
bir oy muddatda Dasturlarga kiritilgan qishloq va mahallalarning bosh reja sxemalari, batafsil rejalashtirish loyihalarini hamda qishloq va mahallalar markazining zamonaviy qiyofasi loyihasini ishlab chiqsin;
Dasturlar doirasida ob’ektlarni qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini va qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi ustidan tizimli davlat nazorati amalga oshirilishini ta’minlasin.
12. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabiga (E.T.Yuldashev) Dasturlar doirasida:
tanlov (tender)lar o‘z vaqtida va shaffof o‘tkazilishini, qurilish-pudrat ishlarining sifatli bajarilishi va loyiha hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini nazorat qilish;
loyihalar buyurtmachilar tomonidan o‘z vaqtida moliyalashtirilishi hamda belgilangan muddatlarda yakunlanishi, shuningdek, ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli hamda samarali foydalanilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish;
ijrosi kechikayotgan va muammoli loyihalarni joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
har oy yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish vazifalari yuklatilsin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosarlari A.J.Ramatov, J.A.Qo‘chqorov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 18 mart