Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) kuzatuvchilari missiyasi Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida hech qanday shikoyat va qonunbuzarlik holatlari aniqlanmaganini ma’lum qildi.

Bu haqda MDH Ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari – Ijrochi kotibi, Hamdo‘stlikdan kelgan kuzatuvchilar missiyasi rahbari Leonid Anfimov Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan prezident saylovi monitoringi yakunlariga bag‘ishlangan brifingda aytib o‘tgan.

Anfimovning ta’kidlashicha, mamlakatda saylov va referendum o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiya taklifiga binoan, MDH kuzatuvchilari missiyasi 2022 yil 28 fevraldan buyon saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib boryapti.

– Turkmaniston saylov qonunchiligi, Hamdo‘stlik doirasida qabul qilingan hujjatlar, shuningdek, siyosiy betaraflik, saylov jarayoniga aralashmaslik va davlat suverenitetini hurmat qilish tamoyillariga amal qilgan holda o‘z vazifamizni erkin va mustaqil bajardik, – dedi missiya rahbari.

Saylov kampaniyasi yakunlariga ko‘ra, Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi, Bosh prokuraturasi va Turkmaniston Oliy sudiga saylov jarayoni bo‘yicha murojaat va arizalar kelib tushmagan. Saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq huquqbuzarliklar qayd etilmagan. Missiya shtabiga ham saylov qonunchiligi buzilishi yuzasidan shikoyat va arizalar kelib tushmagan.

Bilamiz, MDH kuzatuvchilar missiyasiga saylov kampaniyasini milliy qonunchilikka muvofiqligini baholash, erkin va demokratik saylovlarni o‘tkazishga ko‘maklashish vazifasi qo‘yilgan.

Leonid Anfimov jamoa mazkur vazifani uddasidan chiqqanini ma’lum qildi. U saylov shaffof va raqobat sharoitda o‘tganiga guvohlik berganini ham qayd etish kerak.

– Turkmaniston saylov qonunchiligi xalqaro huquqning demokratik saylovlar sohasidagi umume’tirof etilgan me’yorlariga mos keladi va saylovchilar o‘z xohish-irodasini erkin va ochiq ifoda etish imkonini beradi, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Turkmanistonda navbatdan tashqari o‘tkazilgan prezident saylovida ovoz berish kecha, shanba kuni bo‘lib o‘tgan, ovoz berish jarayonlari yakuniga yetgan. Mamlakatda eng yuqori davlat lavozimiga to‘qqiz nafar nomzod ko‘rsatilgan.

Saylov kodeksiga muvofiq, MSK saylovdan keyin yettinchi kundan kechiktirmay ularning natijalarini umumlashtiradi, bayonnoma tuzadi va natijalarni e’lon qiladi.

OʻzA