Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovi shu yilning 12 martida bo‘lib o‘tadi, deb ma’lum qildi mamlakat Markaziy saylov komissiyasi rahbari Bezirgen Karayev RIA Novostiga.

Kuni kecha Turkmaniston parlamenti yuqori palatasining navbatdan tashqari majlisida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov  davlat boshqaruvida yosh rahbarlarga yo‘l berish zarurligi haqida bayonot berdi.

“Men mamlakat rivojining yangi bosqichida davlat boshqaruvida boy ma’naviy muhitda tarbiya ko‘rgan va zamon talabiga mos yosh rahbarlarga yo‘l berish kerakligi bo‘yicha fikrni qo‘llab-quvvatlayman”, — deya keltiradi Berdimuhamedovning so‘zlarini TDX agentligi o‘z saytida.

Turkmaniston ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, saylovlar va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyaga Turkmaniston konstitutsiyasi va qonunchiligidan kelib chiqqan holda tegishli ishlarni boshlash topshirig‘i berilgan.

“Turkmaniston prezidentining topshirig‘iga binoan, mamlakatning Markaziy saylov komissiyasi  12 martda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan navbatdan tashqari prezident sayloviga tayyorgarlikni boshladi”, – degan telefon orqali Respublika Markaziy saylov komissiyasi rahbari RIA Novostiga.

Turkmaniston prezidentligiga Turkmanistonda dunyoga kelgan, yoshi 40 dan kam bo‘lmagan, davlat tilini biladigan, oxirgi 15 yilda Turkmanistonda doimiy yashab kelgan va ishlagan fuqaro saylanishi mumkin. Turkmaniston prezidenti Turkmaniston xalqi tomonidan 7 yilga saylanadi va qasamyod qabul qilishi bilan ushbu vazifani bajarishga kirishadi. Turkmanistonda so‘nggi prezident saylovi 2017 yilda bo‘lib o‘tgan edi. Qonun bo‘yicha navbatdagi prezident saylovi 2024 yilda bo‘lishi kerak.