Halol ishlamayotgan adliya xodimlariga majburiylik prinsipi qo‘llaniladi. Kimki bunga amal qilmasa u bilan butunlay xayrlashiladi.
O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov adliya idoralarining 2017- yilda amalga oshirgan ishlari sarhisobi va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan hay’at majlisida bu haqda ma’lum qildi.
Majlisda adliyaning fuqarolarga bevosita xizmat qiladigan tizimlaridan biri bo‘lgan notariat sohasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va nuqsonlar e’tibor markazida bo‘ldi.
Notariat aholidan eng ko‘p e’tiroz tushayotgan soha ekani ta’kidlandi. Fuqarolar bilan ishlashda hanuzgacha qo‘pol muomalada bo‘lish, ularni sarson qilish, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ortiqcha pul mablag‘larining undirilishi holatlari murosa qilib bo‘lmaydigan holat. Bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun 229 nafar notariat xodimiga nisbatan keskin choralar ko‘rilgan. Ayrimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
“O‘zimizga savol berib ko‘raylik, faoliyatimizga chetdan baho beraylik. Shunda hammasi oydek ravshan bo‘ladi. Qachon xalqqa yaqinlashamiz? Nima qilsak xalq bizga ishonadi?”, deya vazirlik hamda videokonferensaloqa tizimi orqali majlisda ishtirok etayotgan hududiy adliya organlari rahbarlariga murojaat qildi vazir.
Notarial idoralarda o‘tkazilayotgan reydlarda notariuslarning ishga surunkali ravishda kech kelishi ma’lum bo‘lmoqda. Bu fuqarolarning uzoq kutib qolishi, ishi vaqtida bitmasligiga va tabiiyki, noroziligiga sabab bo‘lgan.
Ayrim adliya organlarida notarus axborot tizimlari talab darajasida yuritilmagan. Taqiq olib tashlangan holatlar tizimga vaqtida kiritilmagan. Bu fuqarolarning mulkini erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiladi.
Mamlakatimizda bugungi kunda 704 notarius faoliyat yuritmoqda. Ularning hammasi ham o‘zi ishini o‘z vaqtida vijdonan ado etyaptimi? To‘g‘ri, o‘z ishini puxta biladigan, vazifasiga vijdonan yondoshib, fidokorona xizmat qiladigan noturiuslar ko‘pchilikni tashkil etadi. Notariuslarning mahallalarda fuqarolarni qabul qilishi va notarial harakatlarni o‘sha joyning o‘zida bajarish tizimi yo‘lga qo‘yilgani natijasida 5 mingdan ortiq notarial harakatlar amalga oshirildi.
Biroq ularning ayrimlari o‘zlari uchun qoidalar yaratib, ixtisoslashib olgan. Biri faqat meros, yana biri faqat garov bilan bog‘liq harakatlarni rasmiylashtirgan. Ko‘pchiligi ipoteka kreditiga oid shartnomani tasdiqlashni asossiz ravishda rad etmoqda. Ammo bunga ularning mutlaqo haqqi yo‘q. Notarius davlat notarial idorasiga kelgan fuqaroga bir xil yondoshuv asosida bir xil xizmat ko‘rsatishi kerak.
Mana shunday qonunga zid harakatlari tufayli Toshkent shahrida keyingi 4 oyda 26 notarus intizomiy javobgarlikka tortilgan, 3 nafari ishdan bo‘shatilgan.
“Fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni rad etadigan, ularni xafa qiladigan notariusdan ko‘ra o‘sha joy vakant bo‘lgani ma’qul”, ta’kidlab o‘tdi vazir.
Adliya tizimidan norozi bo‘layotgan fuqarolar ko‘pligi sabab tizim xodimlaridan qonun doirasida ishlash bilan birga madaniyat bilan xizmat ko‘rsatish talabi qo‘yilayotgan bo‘lishiga qaramay bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarayotgan xodimlar juda ozligi taassuf bilan qayd etildi. Ayrimlar intizomiy jazo choralari qo‘llanilganiga qaramay insofga kelmagan.
“2018-yilda yangicha ish olib boramiz. Fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda qo‘yilayotgan talablarni bajarmaydigan, ya’ni halol ishlamaydigan xodimlarga majburiylik prinsipi qo‘llaniladi. Kimda kim bunga amal qilmasa u bilan butunlay xayrlashishimizga to‘g‘ri keladi”, deb qat’iy qayd etdi vazir.