Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterresh BMTni 2030-yilgacha bo‘lgan davrda kun tartibiga muvofiq barqaror rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan maqsadli yondashuvlarni amalga oshirishga chaqirdi. Bu haqda Sinxua xabar bermoqda.
“Tashkilotning 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibidan chuqur o‘zgarishlar va adolatli globallashuv jarayonini ta’minlash kabi masalalar o‘rin olgan. Boisi odatdagi yondashuvlar davlatlarning barqaror rivojlanishi yoki Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij konvensiyasini bajarishda yetarli samaralar bermayapti”, deya qayd etgan Antoniu Guterresh BMTga a’zo davlatlarga taqdim etgan hisobotida.
“Biz tez o‘zgaruvchan zamonda tashkilotni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarni sekinlik bilan amalga oshirishimiz mumkin emas. Buni tan olgan holda amaliy ishlarga o‘tishimiz kerak”, deyiladi Bosh kotib ma’ruzasida.
U tashkilot ishini muvofiqlashtirish, oshkoralik va hisobotlarni yaxshilashga qaratilgan 7 asosiy islohotni ro‘yobga chiqarishni taklif qilgan.
Taklif etilgan islohotlar qatoriga BMTning yangi mamlakatlar guruhlarini yaratish, muvofiqlashtiruvchi vakillar tizimini qayta tiklash, Tashkilotning institutsiya sifatidagi moslashuvchanligi va hamkorlik bo‘yicha umumiy yondashuvni kuchaytirish masalalari ham kiradi.