O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 16-yanvar kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litszeni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Xitoy elchisining faoliyati samarali bo‘lgani hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
2017-yil may oyida XXRga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif va ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlar O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini bergani ta’kidlandi.
Turli darajadagi aloqalar, jumladan, parlamentlar va mintaqalararo munosabatlar faollashdi. Tomonlar bir-birini xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham qo‘llab-quvvatlamoqda.
O‘zaro savdo hajmi izchil ortib bormoqda. 2017-yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 4,5 milliard dollarga yetgan. Gidroenergetika va neft-gaz tarmog‘i, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalari barpo etish sohalarida yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muhim mintaqaviy transport yo‘laklari – “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” avtomobil va temir yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlar boshlab yuborilgan.
Madaniy-gumanitar, ilmiy va ta’lim sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.
O‘z navbatida, Xitoy elchisi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Diplomat Xitoy o‘zaro munosabatlarga muhim ahamiyat qaratayotgani, O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy elchisining har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib, Sun Litszega Vatanimizning yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Elchi Sun Litsze davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga uning faoliyatini yuksak baholagani va “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlagani, shuningdek, O‘zbekistonda Xitoy diplomatik missiyasi faoliyatiga berilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda bundan buyon ham faol ishtirok etish maqsadida ekanini ta’kidladi.
Taqdirlash marosimida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.