Pekinda sun’iy intellekt sanoati iqtisodiyotning real sektoriga keng integratsiya qilinadi. Bu iqtisodiy taraqqiyotning yana bir omili bo‘ladi, deya xabar bermoqda Sinxua.
Hozirgi kunda sun’iy intellekt (Artificial intelligence) va uning texnologiyalari jamiyat hayotining turli jabhalarida qo‘llanmoqda. Masalan, inson yuzini tanish texnologiyasi Pekin oliy ta’lim muassasalarida darslar va yotoqxonalarni boshqarishda qulay vosita bo‘lmoqda.
Yoki Xitoyning iFlytek kompaniyasi tomonidan yaratilgan ovozni ilg‘ash texnologiyasi og‘zaki nutqni bexato yozma matnga aylantirib berishga qodir.
Pekin sun’iy intellekt texnologiyasi sanoatida yetakchi mavqega ega. Bu yerda sun’iy intellektni o‘rganish bo‘yicha yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlarining yarmidan ko‘pi va o‘ndan ortiq davlat laboratoriyalari joylashgan. Ushbu tarmoqqa ixtisoslashgan 400 ga yaqin korxona ishlamoqda. Pekin mazkur ko‘rsatkichlar bo‘yicha Xitoyda birinchi o‘rinni egallaydi.
Shu kunlarda Pekin hokimligi sun’iy intellekt sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hujjat qabul qilgan. Unda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash jarayonini jadallashtirish va iqtisodiyotning real tarmoqlariga chuqur integratsiya qilish, buning uchun sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika, moliya va boshqa muhim sohalarda bu texnologiyadan foydalanishni namoyish etish zarurligi belgilangan.
Sun’iy intellekt texnologiyasi natijalaridan foydalanib, odamlar uchun qulayliklarni oshirish, davlat xizmatlari va jamoatchilik boshqaruvini yaxshilash kerak, deya qayd etilgan hujjatda.