O‘zA saytida bugun e’lon qilingan “Qanchadan-qancha yaxshi kadrlar Toshkent shahrida olgan oyligini faqat ijara uyi uchun sarflab, biri ikki bo‘lmayapti” maqolasini ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilish tobora qizg‘in tus olmoqda.
Facebook dagi “Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom” guruhida Shunchaki Notanish Kishi taxallusli foydalanuvchi quyidagi izohni qoldirgan:
“Oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘qishni bitirgandan keyin o‘zi tug‘ilib o‘sgan viloyatlarida ish bilan ta’minishi kerak va bu shart. Viloyatlar hamma sohada orqada qolib ketyapti, malakali kadrlar yetishmaydi.
Hamma o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyni ravnaqiga hissa qo‘shsa, shu haqiqiy vatanparvarlik bo‘ladi, vatan, O‘zbekiston bu faqat Toshkent shahri deganimas-ku. Toshkentda hamma sharoit bor ekan deb, hamma kelaversa, viloyatlar yana ham rivojlanishda orqada qolaveradi.
Toshkentda nimaki qurilsa yoki ochilsa, bularni filiallarini viloyatlarda ham ochish kerak, Toshkentda malaka oshirishni bir joydamas, balki hamma viloyatlarda qilib, o‘zaro erishgan yutuqlari va kamchiliklari bilan bir-birlari bilan fikr almashishlari va o‘rtoqlashishlari kerak, shunda rivojlanish bo‘ladi.
Ertaga hamma poytaxtga ko‘chishni boshlasa, viloyatlarda ishchi kuchi yetishmay qoladi, hamma sohada oqsash boshlanadi, bu narsa juda katta iqtisodiy va ma’naviy muammolarni keltirib chiqaradi.
Viloyatlarning Toshkent shahri bilan farqi bo‘lishi kerakmas, shunda propiska degan muammo ham bo‘lmaydi. Bu mening shaxsiy fikrim”.
Eslatib o‘tamiz, 2017-2021- yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat loyihasining 28-bandida fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini ta’minlash nazarda tutilgan.