“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida davom etayotgan davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida davlatimiz rahbari mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan investitsiyaviy loyihalar haqida so‘z yuritdi.

– Ayni paytda O‘zbekistonda ko‘plab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Shular qatorida, yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qo‘yilganidan barchangiz xabardorsiz.

Kuni kecha Navoiy viloyatining Karmana tumanida 110 million dollar investitsiya hisobidan ishga tushirilgan quyosh fotoelektr stansiyasi O‘zbekiston energetika tizimida birinchi ulkan qadam bo‘ldi.

Ayni paytda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ikkita yangi zavod – azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar evaziga “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3 barobarga oshadi.

Bunday muhim voqealar milliy sanoatimiz tarixida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi. Yurtimizda kichik va xususiy biznes sub’ektlari ikki barobar ko‘payib, sohada 1 million 400 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu korxonalarning yarmidan ko‘prog‘i keyingi uch yilda tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega.

Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish maqsadida 16 ta qonun, 100 dan ziyod qaror qabul qilindi. O‘tgan bir yil davomida litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi hamda ularni berish muddatlari qisqartirildi.

Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha tekshiruvlar uchun moratoriy e’lon qilindi.

Shuningdek, o‘zini o‘zi ish bilan band qilgan aholi uchun qulay sharoit yaratish natijasida bir yilda 500 ming nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatini qonuniy asosda yo‘lga qo‘ydi.

Tadbirkorlik sohasidagi mana shunday yondashuv natijasida Jahon bankining “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida O‘zbekiston besh yil ichida 141-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarildi.

Albatta, bu jiddiy ko‘rsatkich, ammo u hali bizni qoniqtirmaydi. Shuning uchun biz ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz, – dedi Prezidentimiz.

Tantanali bayram tadbiri davom etmoqda.

O‘zA