Alimov5.jpgZamonaviy sivilizatsiyaning o‘ziga xos muhim xususiyatlaridan biri, bu uning mavqei, salohiyati, taqdiri ko‘p jihatdan axborotga bog‘liq bo‘lib qolganligida ko‘rinmoqda. Oddiy insonlardan tortib mashhur shaxslarning, davlat rahbarlarining, shuningdek, xalqlarning, davlatlarning hayoti, yashash tarzi, istiqboli axborot maydonlarida hal etilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘rinadiki, vujudga kelgan yosh mustaqil davlatlarning oyoqqa turishi, mintaqada va jahon hamjamiyatida mustahkam o‘ringa ega bo‘lishi, har jihatdan axborotga, yana bir karra milliy va jahon axborot makonida kechadigan jarayonlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumki, har qanday milliy jurnalistika, ya’ni milliy matbuot, birinchi navbatda, mamlakat aholisining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Bir yo‘la xalq, jamiyat va davlat haqida muayyan tasavvur yaratadi.

Shunday ekan, biz ana shu «yangi neft»ni qazib chiqaruvchi kadrlarni tayyorlash ishiga har doimgidan ham jiddiyroq yondashishimiz kerak.

Bo‘lajak universitet tuzilmasi bo‘yicha takliflar

Fakultetlar va bo‘limlar kesimida:

Hozirgi real media muhitidan hamda chet el jurnalistika maktablari tajribasidan kelib chiqqan holda an’anaviy jurnalistika fakultetlarini quyidagi tartibda bo‘lish mumkin:

1. Gazeta va jurnallar jurnalistikasi (Print Media Journalsim);

2. Televideniye va radio jurnalistikasi (Broadcasting Journalism);

3. Yangi media (internet) va ommaviy kommunikatsiya (New Media and Mass communication);

4. Teleradio rejissurasi;

5. Teleradio va kommunikatsiya texnikalari;

6. Matbaachilik;

7. Magistratura, doktorantura, jurnalistika tadqiqotlari;

8. Axborot xizmati va jamaotchilik bilan aloqalar (PR);

9. Jurnalistlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash;

10. Harbiy va tibbiy tayyorgarlik.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, shu paytga qadar ijodiy va texnik xodimlar mamlakatimizning turli oliy ta’lim muassasalarida tayyorlanishi, keyinchalik ularning OAVga, ya’ni biron-bir ijodiy jamoaga kelib, aksariyat holatlarda bir-birlarini tushunmasliklariga sabab bo‘lmoqda. Bunday muammo ko‘proq teleradio rejissurasi, teleradio muhandisligi yoki matbaachilik sohalarida tahsil olgan yosh kadrlar bilan jurnalistika fakultetlarini bitirgan talabalar o‘rtasida kuzatiladi. Shu sababdan OAVda mehnat qiladigan barcha texnik va ijodiy xodimlarni bir joyda, tayanch universitetda tayyorlash maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

O‘qish jarayoni

Ushbu muhim jarayonni tashkil etishda oldimizga oddiy bir savolni qo‘yishimiz kerak: jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti kimlarni tayyorlaydi?

Javobi aniq: yuqori intellektga ega bo‘lgan jurnalist kadrlar, PRmenlar, teleradio rejissyorlari, sohaga tegishli turli texnik xodimlarni tayyorlaydi.

Ular o‘z ixtisosliklari bo‘yicha:

1. Telejurnalist;

2. Radiojurnalist;

3. Onlayn jurnalist;

4. Matbuot jurnalisti;

5. Xalqaro jurnalist;

6. Teleradio rejissyori;

7. Muhandislar va shu kabi qator texnik ixtisosliklarga bo‘linadi.

O‘z navbatida ularning har biri, misol uchun, telejurnalistika bo‘yicha – yangiliklar, iqtisodiyot, siyosat, tahlil, ko‘ngilochar telejurnalistika yo‘nalishlarini chuqurroq o‘zlashtira boradi.

Axborot texnologiyalarining misli ko‘rilmagan taraqqiyoti, xususan, global internet tarmog‘i shu paytgacha kishilar ongida shakllanib kelgan an’anaviy ommaviy axborot vositalari ko‘lamini mutlaqo kengaytirib yubordi. Buning natijasida mavjud axborot makoni – bizning misolimizda milliy jurnalistika “hududi”, chegaralari tubdan o‘zgardi. “Ichkari”dan “tashqari”ga va aksincha axborot uzatish hajmi, sur’ati tasavvur qilib bo‘lmas darajada ortdi.

Shu sababdan jurnalist kadrlarni tayyorlashda mamlakat ichkarisidan tashqariga va tashqaridan ichkariga uzata olish bo‘yicha ularning kasb mahoratini shakllantirib borish kerak. Toki, misol uchun, Londonda ishlayotgan o‘zbek muxbiri Britaniya media makonida O‘zbekiston manfaatlarini yuragida saqlab va ayni paytda mamlakatimiz aholisi uchun muhim va qiziqarli xabarlarni uzatib borsin.

Kelajakda xalqaro jurnalistika sohasida ishlaydigan talabalarni ikkita alohida bo‘limga ajratgan holda tayyorlash kerak:

1. Chet elda turib, milliy OAV vakili sifatida O‘zbekistonga ona tilida jurnalistik materiallar yuborish bilan shug‘ullanadi. Bular universal jurnalist, ya’ni bir paytning o‘zida ham yozuvchi, ham tasvirga oluvchi mutaxassis bo‘lishi kerak. Bu, tabiiyki, o‘quv soatlarida aks ettirilishi shart.

2. Mamlakat ichkarisida turib, xalqaro media makonga O‘zbekiston haqida turli xorijiy tillarda axborot uzatadi.

Xuddi shu yo‘nalishlar alohida xorijiy tillar kesimida ham chuqurlashib boradi. Chunki jurnalistika sohasida tilni shunchaki o‘rganish kamlik qiladi. Har bir tilda ijod qilish uchun o‘sha tildagi publitsistik uslubni, OAV tilini ham mustahkam o‘zlashtirish talab etiladi. Jurnalist chet tilni o‘rganishi mumkin, biroq o‘sha tillarda so‘zlashuvchi auditoriyaning ishonchini va e’tiborini qozonishga osonlikcha erishib bo‘lmaydi.

Xalqaro jurnalistika yo‘nalishida talaba o‘zi o‘rganayotgan til bilan birga dunyodagi tegishli mintaqa yoki mamlakat bo‘yicha chuqurroq o‘qitilishi kerak.

O‘qish jarayonida yuqorida qayd etilgan fakultetlar va ularning tarkibiy qismi hisoblanadigan kafedralar bir-birlarini takrorlamasdan, balki umumiy ish uchun, yuqori malakali, ma’lum bir yo‘nalishga ixtisoslashgan kuchli kadr tayyorlashga xizmat qilishlari lozim.

O‘qish jarayonida jurnalistika nazariyasi bilan bog‘liq umumiy fanlar 1- va 2-semestrda, ya’ni 1-kurs davomida berilishi lozim. 2-kursdan boshlab har bir talaba o‘z ixtisosligi bo‘yicha predmetlarni tanlab (xorijiy tajribada yaxshi samara bergan) o‘qishi kerak.

Misol uchun yaqin kelajakda, «O’zbekiston 24» teleradiokanalining o‘zbek tilidan tashqari alohida rus, ingliz va boshqa tillardagi kanallarini tashkil etishni nazarda tutgan holda, ularda erkin ijod qila oladigan milliy kadrlarni tayyorlash ishlarini bugunning o‘zida, quyi kurslardanoq boshlash zarur.

Har bir jurnalist o‘qish davomida o‘z ona tili sirlarini mukammal o‘zlashtirishdan tashqari kamida bitta xorijiy tilni chuqur o‘rganishi shart.

Endilikda OAV va internetni bir-biridan alohida tasavvur qilish mumkin emas. Asosiysi, global tarmoq mamlakatlar o‘rtasidagi geografik chegara tushunchasini bir muncha shaffoflashtirdi va «sovuq urush» davridan meros qolgan temir pardalarning olib tashlanishiga yo‘l ochdi. Birgina misol. O‘zbekiston hududida birorta yangi onlayn radiokanal paydo bo‘ldi deguncha, shu kunning o‘zida uning mushtariylari qatoriga Moskva, Manxetten, Jidda yoki Tokiodagi tinglovchilar ham qo‘shilmoqda. Bu – xorijiy media makonida mamlakatimiz imijini rivojlantirish imkoniyati yanada ortmoqda, deganidir.

Talabalarni ixtisoslashuv yo‘nalishidan kelib chiqib, ularga ommaviy kommunikatsiya imkoniyatlarini chuqur o‘rgatib borish zarur. Negaki, gazeta ham, jurnal ham, radio va televideniye ham jahon tarmog‘iga dadil kirib bormoqda. Bundan keyin jurnalistikaning barcha sohalari internet vositasidan keng foydalanishda davom etaveradi.

Amaliyot jarayoni

Zamonaviy axborot oqimi xususiyatlari, imkoniyatlaridan (har qanday axborotni istalgan daqiqada dunyoga yoyish oddiy holga aylangani) kelib chiqilsa, mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan xabarlar, yangiliklar ichki axborot ehtiyojini qondirishi bilan bir vaqtda, mamlakatimiz va xalqimiz hayotiga doir yangiliklarni jahon ahliga yetkazayotgan hisoblanadi. Va har qanday axborot bir vaqtning o‘zida ham ichki, ham tashqi axborot vazifasini o‘tayotgan hisoblanadi.

Birgina shu holatning o‘zi, bir tomondan, zamonaviy axborot dunyosining yangilanayotganini ifoda etsa, ikkinchi tomondan, mahalliy jurnalistlar zimmasiga favqulodda jiddiy mas’uliyatlar yuklaydi.

Hozirgi zamon o‘quvchisi – o‘quvchi emas, u avvalo tomoshabin. U matndan ko‘ra vizual axborotni katta qiziqish bilan qabul qiladi va uzoq vaqtgacha eslab qoladi. Boshqacha aytganda, zamondoshlarimiz kun davomida qabul qiladigan axborotning 70 foizini ko‘z bilan ko‘rgan ma’lumotlari orqali oladi. Shu sababdan bugungi jurnalistikani, misol uchun gazeta-jurnallarni, televideniyeni, axborot portallarini vizuallashgan axborotsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Infografika, longrid, stori telling kabi yangi formatlar an’anaviy jurnalistikaning barcha yo‘nalishlarini o‘zida mujassamlashtira oladi.

Biz hozir «maqola»ni nafaqat o‘qishimiz (matn), balki uni tinglashimiz (audio fayl), tomosha qilishimiz (video va boshqa vizual materiallar), hatto unga bevosita munosabat bildirishimiz ham mumkin.

Darhaqiqat, hozirgi zamon o‘zgarishlari, ommaviy axborot vositalarining texnologik jihatdan shiddat bilan yangilanishi sohaga o‘zgacha ijodiy uslub va shakllarning yaratilishiga, yangicha ifoda vositalari, yangicha til, tasvir yo‘sinlarining kashf etilishiga ehtiyoj tug‘dirmoqda. Bunday ehtiyoj milliy jurnalistikamizning imkoniyatlarini global miqyoslarda kengaytirish uchun ayni muddaodir.

Taniqli jurnalist va tadqiqotchi Halim Saidov ta’kidlaganidek, “o‘z xalqining milliy manfaatlarini himoya qilishni yuksak maqsad deb biladigan matbuotning tom ma’noda to‘rtinchi hokimiyatga, jamiyatimiz orzu-intilishlarini idora etadigan ko‘zguga aylanishi uchun avvalo faoliyatining asosini tashkil etadigan bunday tushunchalarni oydinlashtirish, boshqacha aytganda “ish qurollari”ni sozlab olish muhim ahamiyat kasb etadi”.

Jurnalistika universiteti barcha bosqich talabalari uchun predmetlar bo‘yicha ko‘proq amaliyot soatlarini ajratish zarur. Bunda, quyi kurslar universitetning o‘zida tashkil etiladigan ijodiy ustaxonalarda, ya’ni mini telestudiyalar, radio studiyalar, gazeta tahririyatlari, jurnal tahririyatlari, internet nashr tahririyatlari, bosmaxonalar, foto laboratoriyalarda kasb sirlarini o‘zlashtirishlari kerak.

Yuqori bosqich talabalari esa asosan davlatga tegishli OAV tahririyatlarida maxsus tashkil etiladigan rasmiy amaliyot punktlarida «ustoz-shogird» an’analariga tayangan holda, ya’ni «mentoring» (bir ustozga bir talaba) uslubi yordamida jurnalistika dunyosiga kirib borishlari lozim.

Barcha bosqichlarda bo‘lg‘usi ijodiy va texnik xodimlar yonma-yon bo‘lishlari yaxshi samara beradi. Misol uchun, telejurnalistikaga ixtisoslashayotgan talaba amaliyot jarayonida o‘ziga tengdosh texnik mutaxassislar (operatordan boshlab ovoz rejissyori va chiroqchiga qadar) bilan ijodiy hamkorlikni boshlashi kerak. Xuddi shunday «tandem»ni bo‘lg‘usi gazeta muxbiri bilan rassom (dizayner) yoki matbaachi o‘rtasida ham shakllantirish muhimdir.

Universitetdagi ijodiy laboratoriyalar, masalan, o‘quv telestudiyasi hozirgi paytda amaliyotda ishlatilayotgan zamonaviy video kameralar va montaj uskunalari bilan aynan bir xil bo‘lishi kerak. Chunki eski texnikada o‘rgangan talaba ertaga amaliyotdagi yangi texnika va sharoitga moslashishi qiyin kechadi.

Yana bir masala. Agar tahririyatlarda yangi uskuna, zamonaviy texnikalar joriy etiladigan bo‘lsa, uning ayni jihatlari parallel ravishda fakultetlarda ham o‘rgatila boshlashi kerak. Misol uchun TVdagi navbatdagi modernizatsiya ishlari davlat dasturiga kiritilsa, jurnalist talabalarga ham ayni bir paytda ularni o‘rgatish ishlari inobatga olinishi shart.

Ijodiy ustaxonalarni moddiy texnika bilan ta’minlashdan tashqari ularning har birida shtat birligiga ega bo‘lgan kichik tahririyatlar tashkil etilishi zarur. Ularning har birida kamida uch kishi muntazam ravishda faoliyat olib boradi: bosh muharrir (o‘zbek tili), bosh muharrir o‘rinbosari (ingliz va boshqa xorijiy tillar bo‘yicha), shuningdek, teleradio rejissyori, texnik xodimlar bo‘lishi ko‘zda tutiladi.

Har bir talaba o‘zining birinchi jurnalistik amaliy ishini ana shu kichik telestudiya, radiostudiya, gazeta-jurnal tahririyati yoki o‘quv portalida namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lsin. Yosh jurnalistlar o‘zbek va rus tillaridan tashqari qator xorijiy tillarda mustaqil ravishda maqola yozishni, tele va radio reportaj tayyorlashni o‘rgansin.

1. Telestudiya – o‘z ko‘rsatuvlarini internetdagi universitetning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqdagi plagin orqali uzatadi;

2. Radiostudiya – o‘z eshittirishlarini internet, FM kanali yoki universitet ichki tarmog‘i orqali uzatadi;

3. Foto va yangi media dizayni ustaxonasi ham tegishli tahririyat bilan ishlaydi;

4. Gazeta tahririyati, ilmiy jurnal tahririyati, yangiliklar portali faoliyat yuritadi.

Boshqa qator yo‘nalishlarda o‘qiyotgan talabalar ham xuddi shu tartibda o‘z kasb mahoratini oshirib boradi.

Jurnalistika sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish

Kadrlar masalasi ham alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan tashkiliy ishlardan hisoblanadi. Yangi universitetda ishlaydigan o‘qituvchilarni test sinovi asosida ishga qabul qilish kutilgan natijani bermaydi. Shu ma’noda, o‘ylaymizki, ularning o‘z sohasida ishlab orttirgan tajribasi, kasb sirlarini talabaga tushuntirib bera olish mahorati sifatiga qarab, kafedralarga jalb etish mumkin.

Umuman olganda jurnalistika universiteti o‘qituvchilarining 90 foizi amaliyotchi bo‘lishi kerak.

Pedagoglar safini bo‘lg‘usi jurnalistlar psixologiyasini yaxshi tushunadigan, chet elda tahsil olib qaytgan yoki ilmiy tadqiqotlar olib borgan, shuningdek, xorijiy OAVda mehnat qilgan milliy kadrlar hisobidan kengaytirish zarur.

Milliy OAVda yetarlicha tajriba orttirgan, xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli sharhlovchi yoki mashhur jurnalistlarni talabalarni o‘qitish jarayoniga bevosita jalb etish yaxshi samara beradi. Jurnalistika amaliyotida katta yutuqlarga erishgan ijodkorga, masalan, garchi uning ilmiy unvoni bo‘lmasa-da, kamida dotsent mavqeini berish kerak. Xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar va tahririyatlarning amaldagi bosh muharrirlariga esa professor mavqei bilan teng maosh berish o‘rinli bo‘lar edi.

Kafedralarga chet ellik, misol uchun ingliz yoki xitoy tilida yoza oladigan va tahrir malakasiga ega bo‘lgan amaliyotchi jurnalistni jalb etish lozim. Aynan ularning yordamida talabalar o‘zlari o‘rganayotgan tillarda maqola yozishni va tahrir qilishni o‘rganadi. Ularni grant evaziga qisqa muddatga emas, balki byudjet hisobidan doimiy ishga olish kerak.

Yangi universitet moddiy-texnik jihatdan jahon standartlariga mos ravishda jihozlanishi tabiiy. Yangi o‘quv-uslubiy laboratoriyalar, o‘quv teleradio studiyalari, yangicha mahorat maktablari ochiladi. Buning uchun mablag‘ni ayamaslik darkor. Ammo biz bunga faqat yangi moddiy-texnik sharoit, zamonaviy imkoniyat deb qaramasligimiz kerak. Aksincha, o‘zimizning ustimizda tinmasdan ishlashimiz, izlanishimiz kerak. Bo‘lg‘usi jurnalistlar jamiyatdan «bir qadam oldinga chiqish»lari uchun, soha murabbiylarining o‘zlari «ikki qadam oldinda yurishni o‘rganish»lari kerak.

Shu sababdan jurnalistika sohasidagi o‘qituvchi kadrlar salohiyatini oshirish zarurati kunday ravshan. Bu masalani hal etish uchun xorijiy mamlakatlar ekspertlari ishtirokida o‘qituvchilar uchun ToT (trenerlar uchun treninglar) tashkil etishimiz kerak. Misol uchun, raqamli jurnalistika, audiovizual jurnalistika, ommaviy kommunikatsiya, media makonda milliy manfaatlar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha eng ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirmasdan ilojimiz yo‘q.

Shuningdek, milliy kadrlarni byudjet hisobidan xorijdagi turdosh oliy ta’lim muassasalariga malaka oshirish kurslariga yuborish yaxshi samara beradi.

Bugungi o‘zbek jurnalistikasi jahon axborot makoni arxitektonikasiga tarkibiy bo‘lim sifatida kirib borar ekan, axborotning zamonaviy janrlari va shakllaridan foydalanishni joriy etish masalasi davr talabidir. Ya’ni, axborot matniga ortiqcha bezak berish, so‘zlarni keragidan ortiqcha ishlatish tavsiya etilmaydi. Chunonchi dunyo axborot maydonida paydo bo‘layotgan zamonaviy janrlarning barchasi qisqalikka va tezkorlikka yo‘naltirilmoqda. Eskicha, siyqa yoki amorf (o‘lik) usullarning davri o‘tdi.

Takliflar

Bugungi jurnalistikaga axborot texnologiyalari qanchalik kirib kelmasin baribir uning asosini mohirona yozilgan yoki aytilgan so‘z tashkil etadi. So‘zning qudrati, uning ta’sir kuchini hech bir texnik vosita egallay olmaydi. Shu jihatdan sohada tahsil olayotgan talabalarga hozirgi zamon o‘quvchisi didiga mos, uslubiy jihatdan to‘g‘ri va tushunarli tilda yozish sirlarini o‘rgatish kerak.

Bo‘lg‘usi muxbirlar an’anaviy jurnalistika qonun-qoidalarini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida o‘zlashtirishlari kerak. Radio, televideniye, matbuot, matbaachilik, rejissyorlik va umuman barcha ijodiy yo‘nalishlar bilan bog‘liq kasb sirlarini AKT imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o‘rganish, so‘zsiz, yaxshi samara beradi.

An’anaviy informatika darslarini tubdan qayta ko‘rib chiqib, ularni aynan jurnalistika sohasi uchun zarur bo‘lgan o‘quv soatlari bilan to‘ldirish kerak.

Yuqori bosqich, ya’ni 6- yoki 7-semestr davrida talabalarni o‘zlari o‘rganayotgan tilga mos keladigan xorijiy mamlakatga ixtisoslashish maqsadida kamida olti oylik (yoki bir semestr) amaliyotga yuborish tajribasini joriy etish kerak. Buni o‘sha mamlakatdagi hamkor OTM bilan hamkorlikda amalga oshirish yaxshi natija beradi.

Misol uchun, Janubiy Koreyadagi jurnalistika o‘qitiladigan OTMlar o‘z talabalarini amaliyot uchun asosan AQShdagi OAVga yuboradi. Sohada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning ham aksariyati Amerika bilan bog‘liq. Ular Koreya va AQSh tajribasining turli aspektlarini o‘zaro qiyosiy tahlil shaklida o‘rganadi.

 
Xulosa o‘rnida

Gapirsa, albatta, hali gap juda ko‘p. Har bir fandan, misol uchun Yangiliklar jurnalistikasidan test sinovlari umuman kerak emas. Undan ko‘ra talaba yangilik yozishni o‘rgansin.

Bo‘lg‘usi muxbir har bir predmetdan amaliy ish topshirishi kerak. Misol uchun chet tilini o‘rganayotgan talaba, so‘zsiz, shu tilda maqola yozsin yoki ko‘rsatuv tayyorlasin.

Afsuski, bittagina maqola doirasida butun bir jurnalistika ta’limi bilan bog‘liq masalalarni qamrab olish qiyin. Aslida bunga da’voimiz ham yo‘q.

Eng asosiysi, milliy jurnalistikamiz jahon media makonida o‘zining mustahkam o‘rniga qancha tez ega bo‘lsa, bu nafaqat sohamizning, balki butun O‘zbekistonimizning muhim yutuqlaridan biri bo‘lar edi.

 
Beruniy Alimov, tadqiqotchi.

 

O‘zA