Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on shahrining «Yoshlik» stadionida joriy yil 12-13 iyun kunlari 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida sportning regbi –-7 turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Chempionatda Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Toshkent, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Navoiy, Andijon jamoalari ishtirok etdi.

Mazkur chempionatda qizlar o‘rtasida qoraqalpog‘istonlik sportchilar 1-o‘rinni egalladi.

– Qizlarimizning muvaffaqiyati bizni g‘oyat quvontirdi, – deydi murabbiy Anton Mixaylov. – Qoraqalpog‘istonda regbi sporti ommalashib bormoqda. Qizlarimizning ko‘rsatgan natijasi shundan dalolat.

Ushbu musobaqada qizlar o‘rtasida Namangan 2-o‘ringa, Toshkent shahri esa 3-o‘ringa munosib topildi. Yigitlar o‘rtasida Farg‘ona 1-o‘rin, Namangan 2-o‘rin, Navoiy viloyati esa 3-o‘ringa ega bo‘ldi.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA