Qoraqalpoq xalqining taniqli oqsoqoli, davlat va jamoat arbobi, «Shuhrat» medali, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi,yaqinda 96-bahorni qarshilagan Qallibek Kamolovning nomi nafaqat qoraqalpoq elida, balki butun mamlakatimizda yaxshi tanish.
Ulkan hayotiy tajribaga ega bo‘lgan hurmatli oqsoqolning ushbu asarida muallif tug‘ilgan vaqtdan, to o‘z eliga rahbarlik qilgan 1960-80 yillar va undan keyingi davrlarda yuz bergan hayotiy voqealar to‘liq qamrab olingan.
Aytish joizki, xolis va haqqoniy ruhda yozilgan ushbu asar maroq bilan o‘qiladi, unda tasvirlangan har bir holat o‘quvchini hayot haqida chuqur mushohada yuritishga undaydi.
Mehnat faoliyatini 1942 yilda maktabda oddiy o‘qituvchilikdan boshlagan yosh Qallibek institutda o‘qib yurgan kezlaridayoq o‘zining siyosiy va ijtimoiy faolligi bilan yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi.
Shu bois uni 1949 yilda Yoshlar tashkilotining birinchi kotibi etib tayinlashadi. Shundan so‘ng tajribali el oqsoqolining uzoq yillik sharafli rahbarlik faoliyati boshlanadi. Jumladan, u 1951 yilda Qoraqalpog‘iston Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari, 1952 yilda Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi rahbari, 1953-1956 yillarda kommunal xo‘jalik vaziri, 1956-1958 yillarda Avtomobil transporti va yo‘llar vaziri,1958-1959 yillarda sobiq Kuybishev rayoni partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, 1959-1963 yillarda Qoraqalpog‘iston ASSR Ministrlar Soveti Raisi, 1963-1984 yillarda ushbu respublikaning partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, 1984-1986 yillarda sobiq Ittifoqning Ruminiyaning Konstansa shahridagi Bosh konsuli vazifasida faoliyat ko‘rsatadi.
Qallibek og‘a 6 marotaba sobiq Ittifoq Oliy Kengashiga deputat etib saylangan. Favqulodda va muxtor elchi diplomatik maqomiga ega bo‘ldi. O‘ndan ortiq nufuzli orden va medallar, turli faxriy unvonlar bilan taqdirlangan.
1949 yilda u kishi sadoqatli rafiqasi Lyubov Semyonovna bilan turmush qurib, 70 yildan ortiq davr mobaynida ahil va totuv yashab kelishmoqda. Ikkalasi oilada 4 nafar farzandni, o‘nlab nabiralarni voyaga yetkazishdi. Bir so‘z bilan aytganda, Qallibek og‘a bugungi kunda piru badavlat nuroniy sifatida mazmunli hayot kechirmoqda.
Kitob qoraqalpoq elining kelib chiqish tarixi haqida ilmiy manbalarga asoslangan hikoyalar bilan boshlanib, salkam yuz yillik davrda yuz bergan voqealar qiyosiy-solishtirma dalillar asosida tahlil qilinadi. Asarda ko‘plab taniqli rahbarlarning yel-yurt taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirgan ezgu ishlari tilga olinib, ularning faoliyatiga xolis va haqqoniy baho beriladi.
Ayniqsa, muallif o‘z asarida 1936 yilda Qoraqalpog‘iston Avtonom Respublikasining O‘zbekiston tarkibiga o‘tishi – tarixiy ildizlari bir bo‘lgan ikki tug‘ishgan millat hayotida tub burilish yasagan nihoyatda adolatli qaror bo‘lganini e’tirof etadi: “Qardosh xalqlarning yagona maqsad yo‘lida birlashuvi ulkan baxt va farovonlik sari yo‘l ochdi. O‘zbekiston bag‘rida yashab, o‘zbek xalqi bilan qismatdosh bo‘lishimiz bizni baxt-saodatga, to‘kis va farovon hayot sari yetakladi. Bag‘rikeng, oqko‘ngil o‘zbek xalqi qoraqalpoqlar bilan bir ota-onaning farzandlari singari hamjihatlikda hayot kechirib, yagona maqsad sari qadam tashlab kelmoqda. Alloh taoloning o‘zi bizni O‘zbekiston bilan taqdirdosh qilib yaratgan”.
Ta’kidlash kerakki, Qallibek og‘a o‘tgan asrning o‘rtalaridan boshlab o‘zlashtirilmagan ulkan imkoniyatlar maskani hisoblangan, iqtisodi yetarli darajada rivojlanmagan Qoraqalpog‘istonning qaddini tiklash, jumladan, uning hududida mahalliy va xalqaro ahamiyatga molik yo‘llarni barpo etish, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, sholichilik, sanoat, qurilish infratuzilmalarini yuksaltirish va hududlarni gazlashtirishga kirishdi. O‘lkada sog‘liqni saqlash, madaniyat va ilm-fan sohalarining rivojiga beqiyos hissa qo‘shdi. Safdoshlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilib, bunday sharafli yo‘lda juda katta yutuq-natijalarga erishdi.
Muallif biyday cho‘lu biyobon bo‘lgan hududda qanday qilib meva-sabzavotchilikni taraqqiy ettirishga erishgani haqida to‘xtalib, buning sabablarini misollar orqali ochib beradi: “Sharof Rashidovning topshirig‘iga asosan 1963 yili erta bahorda Toshkentdan bog‘dorchilik sohasining akademigi hisoblangan atoqli bog‘bon Rizamat akani respublikamizga taklif qildik. Ana shu oqsoqol boshchiligida Nukusdagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining talabalari ko‘magida qariyb 2 ming gektar maydonga turli mevali daraxt nihollari ekildi. Mazkur bog‘ni hosilga kirguncha uch-to‘rt yil vaqt davomida davlat mablag‘i hisobidan asrab-avaylab, parvarishladik”.
Shundan keyin kolxozu sovxozlarning har birida 30-50 gektardan bog‘lar tashkil etilgani, buning natijasida 80 yillarga kelib hudud meva-sabzavot mahsulotlari bilan o‘zini o‘zi ta’minlabgina qolmay, boshqa respublikalarga vagon-vagon sarxil meva-cheva yuborish va xalqning dasturxonini olma, uzum va boshqa ne’matlar bilan to‘kin qilishga muvaffaq bo‘lingani bayon etiladi.
Qallibek Kamolov o‘z asarida ikki qardosh el – o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari orasidagi birodarlik rishtalarni yanada mustahkamlashga, ularning og‘iz birchiligi, yakdilligi va totuvligini bardavom qilishga hissa qo‘shgan ulug‘ insonlar haqida alohida to‘xtaladi. Jumladan, kitob avvalida o‘quvchilarga qoraqalpoq xalqining atoqli so‘z san’atkori, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, o‘z elining suyukli farzandi va so‘nmas yulduzi Ibroyim Yusupovнинг hayoti va ijodi haqida qimmatli ma’lumotlar beriladi. Muallif Ibroyim og‘a bilan 1945 yildan, ya’ni Nukus pedagogika institutida birga o‘qigan davridan boshlab oltmish yildan ziyod davom etgan do‘stona aloqalari haqida maroq bilan hikoya qiladi.
Shuningdek, qoraqalpoq elining ulkan chinorlari – yurtga o‘tgan asrning 30 yillaridan boshlab uzoq yillar rahbarlik qilgan, jur’atli, halol, chuqur bilim va tajribaga ega birinchi rahbarlar – Pirjan Seyitov, Mateke og‘a Jumanazarov, Navro‘z og‘a Japaqovlar haqida ibratli fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi. Bu oqsoqollar qiyin-qistovli yo‘qchilik zamonlarida balandparvoz chaqiriqlardan xoli tarzda vatanparvarlik, xalqparvarlik, kuyinchaklik bilan xalq farovonligi yo‘lida ulug‘ ishlarni amalga oshirishgani diqqatga sazovordir.
1937-1950 yillarda O‘zbekistonga rahbarlik qilgan Usmon Yusupovнинг qoraqalpoq eliga otalarcha g‘amxo‘rligi, bu zaminning gullab-yashnashi va mamlakatning ilg‘or markazlardan biriga aylanishi yo‘lidagi sa’y-harakatlari, ayniqsa,sobiq Markazqo‘m tomonidan «hayfsan» olishiga sabab bo‘lsa-da Chorjuy-Qo‘ng‘irot temir yo‘li tarmog‘ini qurish borasidagi chinakam jasorati qiziqarli ochib berilgan.
Kitobda sobiq Ittifoq miqyosidagi ba’zi ulkan rahbarlarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi no‘noqligi, savodsizligi va mafkuraviy yondashuvi oqibatida uning tarkibidagi respublikalarda bu borada tushunarsiz va xato siyosat olib borilgani, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish borasidagi biryoqlama xatti-harakatlarning ayanchli oqibatlari aniq faktlar asosida chuqur tahlil qilingan: “N.S. Xrushchyov partiya va hukumat rahbarligini qo‘lga olishi bilan qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan sentyabr Plenumi (1954 yil) o‘tkazildi. Shunga asosan amalga oshirilgan kolxozlarni yiriklashtirish siyosati bizning respublikada ovul xo‘jaligini rivojlantirishga unchalik yaxshi ta’sir ko‘rsatmadi.
Mashaqqatli mehnat va kam hosil olish, kolxozchilarning juda oz miqdorda ish haqi olishi kabi holatlar bartaraf etilmadi. Sentyabr plenumining qaroriga binoan mamlakatdagi barcha kuchlar Qozog‘iston va Rossiyadagi qo‘riq yerlarni o‘zlashtirishga safarbar etildi.
«O‘ttiz mingchilar» harakati boshlandi, biroq ana shu tadbir ham Qoraqalpog‘istonda o‘zini oqlamadi. Qo‘riqni o‘zlashtirishlarga ko‘proq e’tibor qaratilib, bizning respublikaga yangi texnika vositalari yetarli darajada ajratilmadi”.
Qallibek og‘a o‘z mehnat faoliyati davomida yana bir xalqparvar arbob, donishmand va diyonatli inson Sharof Rashidovdaн ham ko‘p mehr ko‘rganini, u kishining hamisha o‘ziga do‘stona maslahatlar berganini, qoraqalpoq eliga, barcha sohalar rivojiga alohida e’tibor qaratganini, shu sababli o‘zi uchun qadrli va g‘amxo‘r, ulug‘ ustoz deb bilishini alohida hurmat bilan qayd etadi.
Sharof Rashidov og‘ir paytlarda hamisha qoraqalpoqlarga ko‘mak-madad berganini, juda ko‘plab qishloq xo‘jaligi texnikalari, mablag‘ va resurslar ajratib berishda yordamini ayamagani, birodar qoraqalpoqlar manfaatlarini har doim sobiq Ittifoq miqyosida ham qat’iyat bilan himoya qilganini qayd etadi.
U kishining ko‘magida Taxiatosh GESi va to‘g‘onining qurilishi, yuz minglab aholi yashaydigan Ellikqal’a, Jambasqal’a, Qirqqiz massivlarining bunyod etilishi butun Qoraqalpog‘iston qiyofasini o‘zgartirib yuborgani haqidagi xotiralar bilan tanishar ekansiz, Sharof Rashidov siymosiga hurmatingiz yanada oshadi.
O‘zbekistonning atoqli rahbarining Tilevbergan Jumamuratov, Julmirza Oymirzayev, Ibroyim Yusupov, To‘lepbergan Qayipbergenov kabi qoraqalpoq yozuvchi va shoirlari ijodini sobiq Ittifoq miqyosida keng targ‘ib qilish, ularning zahmatli ijodiy mehnatlarini munosib mukofotlashga katta hissa qo‘shganini chuqur mamnuniyat bilan yodga oladi.
«El xizmatida» asarida sobiq tuzumning so‘nggi davrlarida yuz bergan siyosiy o‘yinlar, taloto‘pli voqea-hodisalarga ham keng o‘rin berilgan. Taqdir taqozosi bilan ma’lum muddat O‘zbekistonni boshqargan ayrim rahbarlarning no‘noq-noshudligi va qat’iyatsizligi, mustaqil qarorlar qabul qilish salohiyatidan mosuvoligi, ularning sobiq Markazdan kadrlar masalasida yordam so‘rashi, Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi jallodlarning yurtimizdagi kirdikorlari, «paxta ishi» degan tuhmat asosida xalqimizning or-nomusi oyoqosti qilinganini afsus va nadomat bilan yodga olinadi.
Afsuski, vaqtida Qoraqalpog‘iston Respublikasining taraqqiyoti yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirgan Qallibek Kamolovning o‘zi ham ana shunday nohaqliklarning jabrini tortishga majbur bo‘ldi. Keyinchalik Qoraqalpog‘istonga rahbar etib tayinlangan kimsaning tinimsiz va tizimli «sa’y-harakatlari» oqibatida u Ruminiyadagi diplomatik lavozimidan muddatidan avval chaqirib olinib, uzoq yillik tergovlarga tortildi, bir necha yil davomida nohaq turmada o‘tirib, sud-tergovdan boshi chiqmadi. U ana shu yillarda yuz bergan haqsizliklarni o‘kinch bilan esga oladi.
El-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov katta mardlik va adolat bilan ana shunday adolatsizliklarga uzil-kesil nuqta qo‘ydi. Qallibek Kamolovga nisbatan ochilgan jinoyat ishiga ham uzil-kesil barham berilib, Oliy sud Plenumi qaror bilan u kishi to‘liq oqlandi, sha’ni va obro‘si qayta tiklandi.
Ana shu og‘ir va sinovli damlarda ham Qallibek Kamolov ruhan tushkunlikka tushmadi. Haqiqat va adolat qaror topishiga bo‘lgan qat’iy ishonch uni tark etmadi. Eng muhimi, har qanday tuhmat va malomatlar ham qoraqalpoq xalqining qalbida o‘zining sevikli farzandiga bo‘lgan yuksak hurmatiga zarracha soya sola olmadi. Qallibek og‘a oqlanib, sobiq tuzum markazidagi qamoqxonadan yorug‘ yuz bilan chiqib kelgan kun qoraqalpoq elida haqiqiy bayramga aylanib ketgani ham shundan dalolat beradi.
Qallibek og‘a ulkan hayotiy bilim va tajribaga ega oqsoqol sifatida mamlakatimizda bugungi kunda yuz berayotgan olamshumul o‘zgarishlarni ham teran tahlil qilib, ibratli fikr-mulohazalarini kitobxonlar e’tiboriga havola qiladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlarning hayotiy ahamiyatini ochib berish bilan birga, O‘zbekistonning faol olib borayotgan ichki va tashqi siyosatiga yuksak baho beradi. Ayniqsa, yaqin qo‘shnilarimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro ishonch va hamjihatlikka asoslangan qardoshlik aloqalarining ahamiyati qay darajada yuqori ekaniga ahamiyat qaratadi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning «men o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining farzandiman», deya aytgan so‘zlari bizning xalqimizning qalbida katta g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi”, deya yozadi muallif.
Qallibek og‘a o‘z asarida Orol dengizining qurishi va suv taqchilligi oqibatida yuzaga kelgan o‘ta qiyin ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat oqibatlarini yumshatish masalasi muhtaram Prezidentimizning alohida diqqat markazida turganini chuqur qoniqish bilan qayd etadi. Atigi besh oy ichida Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqa 101 kilometr masofaga vodoprovod tarmog‘i tortilgani, ovloq tumanga toza ob-hayot kirib borishi chinakam xalq shodiyonasiga aylanib ketganini minnatdorlik bilan tasvirlaydi.
Nafaqat Mo‘ynoqda, balki Nukus shahri va butun respublikada zamonaviy va ko‘rkam uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar qurilayotgani, yangi-yangi sanoat korxonalari barpo etilayotgani, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilayotgani, so‘nggi 4 yilda qoraqalpoq o‘lkasi ham tubdan ko‘rkamlashib, obod bo‘lib borayotganini alohida qayd etadi.
Shuningdek, asarda qoraqalpog‘istonlik zahmatkash ayollar, ilg‘or yoshlarning faoliyatiga, til, adabiyot, ilm-fan, sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish borasidagi ezgu ishlar haqida ham atroflicha hikoya qilinadi.
Qoraqalpog‘iston matbaachiligida dastlabki memuar, ya’ni yodnoma janridagi «El xizmatida» asarini mamlakatning qariyb yarim asrlik ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotini o‘zida batafsil va xolis aks ettirgan salmoqli ilmiy-tadqiqot ishi, deya baholash mumkin.
Ana shu yillar davomida qoraqalpoq elining siyosiy, iqtisodiy taraqqiyoti, barcha tarmoqlarda yuz bergan rivojlanish bosqichlari hatto, uncha-muncha arxivlarda ham topilmaydigan noyob ma’lumotlar, aniq dadil va raqamlar orqali qalamga olinib, voqealarga bevosita guvoh bo‘lgan rahbar tilidan chiroyli tarzda ochib beriladi.
Qo‘li ochiq, dasturxoni yoziq qoraqalpoq elining farovonligi uchun o‘zining butun umrini bag‘ishlagan, yurtini jonidan ham ortiq yaxshi ko‘rgan, uzoq yillik zahmatli mehnatlari natijasida sahro qo‘ynida ko‘rkam maskanlar barpo etgan obro‘li Qallibek Kamolov haqli ravishda o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining yuksak hurmatiga sazovor bo‘lgan insonlardan biridir.
Asarni o‘qir ekansiz, beixtiyor o‘zingizni o‘sha davrlarga tushib qolgandek his qilasiz. Muallifga xos keng fe’llik, xolislik va samimiylik bilan yozilgan voqea-hodisalar manzarasi, tahliliy mushohada quvvati, o‘sha davrda yashagan shaxslarning qiyofasi ko‘z o‘ngingizda yaqqol namoyon bo‘ladi. Qiziqarli hayotiy voqealar sizga zavq bag‘ishlaydi. Bu o‘rinda Qallibek oqsoqolning to‘g‘ri so‘zligiga, donishmandlarcha fikr yuritishi va kerak bo‘lsa, ijodkorlik mahoratiga, so‘zni qo‘llash uslublariga tan berasiz.
«El xizmatida» asari taniqli ijodkor, mohir dramaturg G‘afur Shermuhammad tomonidan o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilingan. E’tiborli jihati, tarjimon kitobni o‘zbek tiliga o‘girish jarayonida muallifning o‘ziga xos ifoda uslubi, qoraqalpoq adabiy tilining nafosati va go‘zalligini saqlab qolib, o‘zbek tilida yanada jilolantirishga muvaffaq bo‘lgan. Bu o‘rinda uning qoraqalpoq adabiyoti namunalarini o‘zbekchalashtirish borasida orttirgan boy amaliy tajribasi qo‘l kelgani yaqqol seziladi.
Falsafiy-psixologik tahlil va mulohazalarga boyligi, xalqona maqol va naqllardan o‘rinli foydalanilgani bois bu asar qoraqalpoq adabiyotining oltin xazinasidan joy olishi ham shubhasiz. Kitob kelgusida tarix, falsafa, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik, jurnalistika, ma’naviyat asoslari, qurilish va boshqa yo‘nalishlarda fundamental ilmiy qo‘llanma vazifasini o‘tashiga ham ishonchimiz komil.
Chindan ham, mazkur kitob juda ko‘plab sohalar bo‘yicha noyob ma’lumotlarni o‘zida jamlagan qomusiy asar, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘quvchiga ulkan ma’naviy ozuqa beradigan Hayot kitobidir.
L.Rahmatov, jurnalist