Joriy yilning 28 may kuni Minsk shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko olib bordi.

Delegatsiyalar rahbarlari Hamdo‘stlik doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

Hukumat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha jami 11 hujjat imzolandi.

– Yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar;

– MDH mamlakatlari hududlarini sanitariya muhofazasi va Hamdo‘stlik aholisini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish;

– Soxta savdo belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish, geodeziya, kartografiya, kadastr va yerni masofadan zondlash sohasidagi hamkorlikni tartibga solish;

– MDHga a’zo davlatlarda davlat moddiy rezervlarini boshqaradigan davlat (ijro etuvchi) organlarining 2030 yilgacha bo‘lgan davrdagi hamkorligi konsepsiyasi va uni amalga oshirishning asosiy chora-tadbirlari rejasi;

– Qurolli kuchlar ofitserlarini tezkor-strategik tayyorlash sohasida asosiy tashkilot to‘g‘risidagi qaror shular jumlasidan.

Shuningdek, Majlisda MDH Ijroiya qo‘mitasi – ijrochi kotibiga o‘rinbosarlar tayinlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan Ilhom Ne’matov ushbu lavozimga tasdiqlandi.

I.Nematov MDH Ijroiya qo‘mitasida iqtisodiy hamkorlik masalalarini muvofiqlashtiradi.

MDH Hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi joriy yilning noyabr oyida Qirg‘iz Respublikasi Bishkek shahrida o‘tkazilishi belgilandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining
Matbuot xizmati