Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun ularga boshqaruv-servis kompaniyalar jalb etiladi.
Masalan, Yunusobodda 269 ta shirkatni (mingta ko‘p qavatli uy) 12 ta boshqaruv-servis kompaniyasiga biriktirish hisobiga avariyalar 60 foizga, muddati o‘tgan qarzdorlik 25 foizga qisqargan, 1,4 milliard so‘mlik kreditlar qaytarilgan.
Ushbu tumanda 110 ta ko‘p qavatli uy-joyga 25 ta shirkat tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarni bugungi kunda 54 ta ishchisi bo‘lgan 1 ta boshqaruv kompaniyasi amalga oshirmoqda.
Shu bilan birga, boshqaruv kompaniyasi qo‘shimcha 9 ta maktab va bog‘cha, 50 ta tadbirkorlik sub’ektini qamrab olgan.
Bu haqda bugun, 28 may kuni bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, shirkatlarda uy-joylarni saqlash tarifining 35 foizi ish haqiga ketgan bo‘lsa, boshqaruv kompaniyasi ishchilariga oylikni 2 baravarga oshirganda ham bu ko‘rsatkich 7-8 foizni tashkil qilgan.
Shu bois, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sh.Hidoyatovga viloyat hokimlari bilan birga, tajriba tariqasida Nukus (56 ta uy), Andijon (134 ta), Buxoro (45 ta), Jizzax (54 ta), Qarshi (54 ta), Navoiy (101 ta), Namangan (103 ta), Samarqand (47 ta), Termiz (109 ta), Guliston (85 ta), Urganch (60 ta) Farg‘ona (90 ta), Chirchiq (74 ta)va Angren (92 ta)shaharlarida boshqaruv-servis kompaniyasini aniqlab, ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishni ularga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Boshqaruv-servis kompaniyalari bilan ishlash bo‘yicha Yunusobod tumani va Chirchiq shahrida “namunaviy tajriba” yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatishni professional darajaga olib chiqish bo‘yicha Yunusobod tumani hokimining axboroti tinglandi.
Mutasaddilarga boshqaruv-servis kompaniyalari faoliyatini reyting asosida baholash tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Bunda xizmat sifati, ta’mirlash brigadasi mavjudligi, moliyaviy holati, aholining fikri baholanishi kerakligi qayd etildi. Reyting yaxshi bo‘lsa, xizmat ko‘rsatadigan uy-joy soni ko‘paytirib beriladi.
Barcha boshqaruv-servis kompaniyalarida 24 soat “onlayn” ishlaydigan buyurtma qabul qilish markazlari tashkil etilib, nazorati Uy-joy fondi inspeksiyasiga yuklatiladi.
O‘zA