So‘nggi uch yilda umumiy maydoni 41 million kvadrat metrli 155 mingta xonadon foydalanishga topshirilib, ko‘p kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshgan. Zamonaviy massivlar soni ko‘payishi bilan ularga xizmat ko‘rsatish dolzarbligi ham ortib bormoqda.

– Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak, agar insonning yashash sharoiti yaxshi bo‘lmasa, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik bo‘lmaydi, norozilik kayfiyati kuchayadi. O‘tkazilgan so‘rovlarda 35 foiz aholi ko‘p qavatli uy-joylarga ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mutlaqo norozi, 65 foiz aholi shirkatlar ishini amalda sezmayapti, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yig‘ilishida shirkatlarning muddati o‘tgan kreditorlik qarzi 1,4 trillion so‘mdan ortib, 950 tasining (25 foiz) moliyaviy holati o‘ta og‘ir ahvolda ekani aytildi.

Jumladan, Toshkent viloyatida – 209 ta, Andijonda – 208 ta, Samarqandda – 68 ta, Jizzaxda – 65 ta, Qoraqalpog‘istonda – 46 ta, Farg‘onada – 26 tani tashkil etmoqda.

Qariyb 70 foiz shirkatlarning kredit muddatlari hattoki 3-4 martadan uzaytirib berilgani bilan, ushbu imtiyoz berilgan kreditlarning 52 foizi so‘ndirilmayapti.

Muammoli kreditlarning asosiy qismi Toshkent shahri, Andijon, Toshkent viloyati, Farg‘ona, Surxondaryo va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Prezident uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida mablag‘larni samarasiz ishlatish, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, qolaversa, korrupsiyaviy omillar ancha yuqori ekanini qayd etdi.

Jumladan, o‘tgan 2 yil davomida sohaning 100 ga yaqin mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan.Masalan, Andijon uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi rahbarlari 240 million so‘m, Namangan “Ta’mirlash tiklash xizmati” korxonasi mansabdorlari 250 million so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan, Surxondaryo Suv ta’minoti boshqarmasi xodimlari 540 million so‘m mablag‘larni o‘zlashtirib yuborgan.

Shu bois, yig‘ilishda ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va uy-joy fondini yangilash, sohada korrupsiyani yo‘qotish uy-joy kommmunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sh.Hidoyatov va vazirlik tizimi oldidagi ustuvor vazifa etib belgilab berildi.

 

O‘zA