Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida hududlarga ijtimoiy dasturlar ijrosini nazorat qilishga mutasaddilar biriktirildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari A.Mavlonov dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kunlik nazoratni kuchaytirib, har hafta kamida 2 tadan viloyatga chiqishi va muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashishi qayd etildi.

Shu bilan birga, dasturlarni amalga oshirishda qoloqliklar mavjud hududlarga Prezident Administratsiyasi, Hukumat, Hisob palatasi va vazirliklardan mas’ul rahbarlar biriktirildi.

Jumladan, Prezident maslahatchisi T.Xudoybergenov va Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari O.Ramatov biriktirilgan hududlardan tashqari, barcha hududlarda ishlarning borishiga hamda muammolarni joyining o‘zida hal etilishiga shaxsan mas’ul va javobgar ekani qayd etildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari dasturlarda joriy yil uchun belgilangan barcha ishlarni 1 oktyabrga qadar yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

O‘zA