Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda ipoteka dasturlarini amalga oshirish, ko‘p kvartirali uy-joy massivlarini barpo etish, ularni infratuzilma bilan ta’minlash va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholini uy-joy bilan ta’minlash doirasida 7 ming 794 ta qishloq va mahallalar obod qilinishi belgilangan. Bu ishlar uchun 18 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash ishlariga yana qo‘shimcha 300 million dollar ajratildi.

Natijada birgina ichimlik suvi ta’minoti sohasida 1 ming 400 kilometr tarmoqlar qurildi va rekonstruksiya qilindi, 8,5 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi.

O‘tgan davrda 2 ming kilometr elektr tarmoqlari tortilib, mingta transformatorlar yangilandi.

Yig‘ilishda barcha sohalar va hududlarda ham bu boradagi ishlar bir xilda sifatli bajarilmayotgani qayd etildi.

Misol uchun,jami 256 ta ijtimoiy soha ob’ektlarining loyiha hujjatlari ishlab chiqilmagan, 600 ta (47 foiz) ob’ektlar bo‘yicha tender yakunlanmagan.

Jumladan, Xorazmda – 36 ta (49 foiz), Namanganda – 68 ta (64 foiz), Toshkent viloyatida – 104 ta (64 foiz), Farg‘onada – 58 ta (50 foiz), Toshkent shahrida – 17 ta (85 foiz) ob’ektlar bo‘yicha tenderlar boshlanmagan.

– O‘tgan yildan boshlab bu masala bo‘yicha tayyorgarlik qildik, zarur pullar ajratildi, lekin nega tenderlar o‘tkazilmadi? Yoki bitta texnikasi yo‘q qurilish tashkilotiga maktab va bog‘cha, uylar qurishga qo‘l qo‘yib berayapsizlar, buni qayday tushunish mumkin? – dedi Prezident.

Turizminfratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 368 ta ob’ektda ishlar amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, hozirgacha Toshkent shahri, Navoiy, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridan boshqa hududlarda ishlar boshlanmagan.

Prezident mutasaddilarga ikki hafta muddatda barcha ob’ektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini yakunlab, qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Bunda bog‘cha, maktab, oilaviy shifokor punkti, poliklinika kabi ijtimoiy soha ob’ektlari bo‘yicha loyiha hujjatlari bir hafta ichida yakuniga yetkazilishi kerak.

 

O‘zA