Munosabat

2021 yil 19 may kuni Hindistonning «International Affairs Review» elektron nashrida shunday sarlavhali maqola e’lon qilindi.

“Orol dengizining qurishi oqibatlari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish chora-tadbirlari global iqlim o‘zgarishi va ekologik halokatlarning keskinlashuvi sharoitida dolzarb ahmiyat kasb etayotgan muhim ustuvor vazifalar sifatida belgilangan, deb yozadi maqola muallifi Aditi Bahoduri.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ekologik muammolarni hal qilish sohasida ko‘lami va ahamiyati jihatdan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Orol dengizi qurishi oqibatlari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish muhim ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Bularning barchasi global iqlim o‘zgarishi va ekologik halokatlarning keskinlashuvi sharoitida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. bugungi kunda dunyoda orol fojiasi bilan bog‘liq salbiy o‘zgarishlar nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlariga, balki dunyo miqyosidagi barqaror rivojlanishga ham jiddiy xavf solmoqda, degan tushuncha ortib bormoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-yessiyasida chiqish qilib, jahon hamjamiyati e’tiborini yana bir bor Orol dengizi inqirozining butun mintaqaga ko‘rsatayotgan zararli ta’siriga qaratdi. O‘shanda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish taklif etgandi.

O‘zbekiston rahbari tomonidan xalqaro minbarlarda hamda mintaqaviy darajadagi nufuzli tadbirlar doirasida bildirilgan ushbu barcha tashabbus va takliflar asta-sekin haqiqatga aylanmoqda.

Shu jihatdan, 2021 yil 18 may kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullanishi diqqatga sazovordir.

Ushbu hujjat Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qiladi hamda bu borada BMTga a’zo davlatlar, jamg‘armalar, dasturlar va muassasalarni, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor tomonlarni Orol dengizi mintaqasida barqaror, inklyuziv iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash uchun ekologik xavfsiz, energiya va suv tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga chaqiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalaro tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Nozim Hasanov olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, Orol dengizining qurigan maydoni Qozog‘iston hududida 2,2 million gektar, O‘zbekiston hududida – 2,3 million gektarni, jami 4,5 million gektarni tashkil etadi. Har yili dengiz tubidan 100 million tonnagacha tuz va chang ko‘tariladi, tarqalayotgan tuz va chang aholi salomatligi, mintaqa tabiati va iqtisodiyotiga mislsiz zarar yetkazmoqda.

Shu bois, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida Orol muammosini hal etish bo‘yicha yondashuvlarda tub o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan edi. Xususan, qishloq xo‘jaligi va aholi hayoti uchun global iqlim o‘zgarishi va Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar belgilangandi.

2017 yil 18 yanvarda ushbu vazifalarni amalga oshirish doirasida 2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi. O‘sha yili ishonchli va barqaror moliyalashtirishni ta’minlash maqsadida Orolbo‘yi mintaqasini rivojalantirish jamg‘armasi ta’sis etildi. Halokat oqibatlarini yumshatish, ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy holat va mahalliy aholining turmush sharoitini yaxshilashga yo‘naltirilgan umumiy hajmi qariyb 800 million AQSH dollariga teng 67 ta loyihaning amalga oshirilishi bu borada muhim qadamlardan bo‘ldi.

Shuningdek, 2018 yilda Turkmanistonda o‘n yillik tanaffusdan so‘ng Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari yig‘ilishining o‘tkazilishi muhim voqealardan biri bo‘ldi.

Ushbu yig‘ilishda jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini muvofiqlashtirilgan tarzda boshqarish, Markaziy Osiyo mamlakatlarining bu boradagi hamkorligini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston rahbari yig‘ilish ijtirokchilari e’tiborini Orol fojiasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratib, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi – bu borada yagona mintaqaviy tashkilot ekanini qayd etgan edi.

Shuningdek, Orolbo‘yi hududida mintaqada ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirishga qaratilgan suv resurslari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Yagona ro‘yxatni shakllantirish va dunyoning ekologik jihatdan noqulay hududlarida innovatsion loyihalarni amalga oshirish tajribasini hisobga olgan holda, bunday loyihalarni birgalikda tayyorlash hamda ushbu maqsadlar uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar va grantlarni ajratish taklifi bildirildi.

Ana shu maqsadda 2018 yilda O‘zbekiston Prezidenti huzurida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Markaz sho‘rlangan muhitda tadqiqotlar o‘tkazishga yo‘naltirilgan, shuningdek, ta’lim va texnologiyalar sohasidagi sa’y-harakatlarni faollashtiradi.

Cho‘lni vohaga aylantirish uchun kattagina moliyaviy va inson resurslari ajratildi. 2020 yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash olib borilganiga qaramay, Orol dengizining qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha boshlangan keng miqyosli ishlar to‘xtamadi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Orol dengizining qurigan tubiga ekilgan ko‘chatlar maydoni 1,2 million gektarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, qayd etish joizki, O‘zbekiston Prezidentining Orolbo‘yi hududini rivojlantirishga yo‘naltirilgan farmon va qarorlari ijrosi ustidan nazorat kuchaytirildi. Ana shu maqsadda 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. Qo‘mita ekologik inqiroz hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish zonasiga aylantirishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanmoqda.

Masalan, Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida qiymati 1,1 million AQSHdollariga teng suvni tozalash uskunalari o‘rnatildi. Bundan tashqari, qo‘mita YUNESKO bilan qoraqalpoq o‘tovlarini YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu Orolbo‘yi mintaqasida turizmni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishda muhim qadamlardan biri bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqori minbarlardan turib dunyo hamjamiyatini dengiz qurishi natijasida kelib chiqadigan oqibatlarni bartaraf etish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni faol tarzda birlashtirishga chaqirib kelmoqda. 2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib Orol dengizi xaritasi va uning fojiasi ko‘lamini yaqqol namoyish etdi. Shuning uchun ushbu sessiyada O‘zbekiston rahbarining Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondini tashkil etish tashabbusi dunyo hamjamiyatida jo‘shqin aks sado berdi. Bir yildan so‘ng, 2018 yil 27 noyabrda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Trast fondi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Jamg‘arma maqsadlari va vazifalari haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida xalqaro donorlik tashkilotlari va moliya institutlari ishtirokida turli tadbirlar tashkillashtirish boshlandi. BMT shafeligida 2019 yil 24-25 oktyabr kunlari Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan “Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro anjuman ana shunday muhim tadbirlardan bo‘ldi. Unda ko‘plab davlatlar, shuningdek, BMT, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi. Anjumanda xalqaro hamjamiyatning ekologik halokat oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi, Orolbo‘yi mintaqasida istiqomat qilayotgan aholi turmush sharoitini yaxshilash bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Ushbu forum va boshqa tadbirlar qisqa muddatda zarur investitsiyalarni jalb qilishga va BMT Trast fondining faol ishini boshlashga yordam berdi.

Hozirgi kunda jamg‘arma 26,1 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ to‘pladi. Qayd etish joizki, mintaqada yangi ish o‘rinlari tashkil etish, tabiiy ofat zonasida ijtimoiy va tabiiy sharoitlarni yaxshilash maqsadida 5 yil davomida yana 123,2 million AQSH dollari yig‘ish rejalashtirilgan.

2020 yil 1 dekabrda jamg‘arma huzurida Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha Maslahat qo‘mitasi ham tashkil etildi. Qo‘mita belgilangan vazifalarning kompleks yechimlarini ishlab chiqish bo‘yicha qimmatli tavsiyalarni taqdim etadi. Masalan, qo‘mitaning 2021 yil 30 martda BMT hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi shafeligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida akademik doiralar, xalqaro moliya institutlari, BMT agentliklari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xususiy sektor, davlat muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlarining 130 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda jamg‘armaning Orolbo‘yi mintaqasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, perinatal yordam sifatini oshirish, qishloq xo‘jaligida yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, umumta’lim maktablarida sanitar sharoitlarni yaxshilash, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirgani qayd etildi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining beshta aholi punktida istiqomat qilayotgan qariyb 35 ming kishi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangani, infratuzilma sezilarli darajada yaxshilangani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, Qo‘ng‘irot, Beruniy tumanlaridagi tug‘ruqxonalar hamda Nukus shahridagi perinatal markazda yangi uskunalar o‘rnatilgan.

Uchrashuvda, shuningdek, umumiy qiymati 12,4 million AQSH dollariga teng yangi loyihalar ham ma’qullandi. Mo‘ynoq tumanida ixtisoslashgan shifoxona qurish, qishloq xo‘jaligiga qator innovatsion, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, BMTning atrof-muhit dasturi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi, turli mamlakatlar vakillari Orolbo‘yi mintaqasida barqaror rivojlanish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Bajarilgan ishlar BMT Trast fondini tashkil etish g‘oyasi o‘z vaqtida va talab darajasida bo‘lganidan dalolat. Buning samarasida sayyoramizdagi yirik ekologik fojialardan biri bo‘lgan halokat oqibatini bartaraf etishda xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish imkoni paydo bo‘ldi.

Jamg‘arma jahon hamjamiyatining Orolbo‘yi aholisiga amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan keng ko‘lamli va uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro platforma vazifasini o‘tadi.

Shu bilan birga ko‘rib chiqilayotgan muammo mintaqa davlatlari yetakchilari e’tiborida turibdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining ikkita maslahat uchrashuvi mintaqaviy, jumladan, ekologik muammolarni muhokama etish va hal qilish uchun samarali maydonlardan biriga aylandi (birinchisi 2018 yil mart oyida Nursultonda, ikkinchisi 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lgan). O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu kabi uchrashuvlarni tashkil etish tashabbuskori bo‘ldi.

Ikkinchi maslahat uchrashuvi yakunida mintaqa mamlakatlari rahbarlari qo‘shma bayonot qabul qildi. U boshqa masalalar kabi Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini bartaraf qilish bilan bog‘liq muammolarni qamrab oladi.

Hujjatda Orol dengizi havzasida o‘zaro hamkorlik yanada rivojlantirilishi va mustahkamlanishi istagi bildirilgan. Shuningdek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi imkoniyatlaridan va ko‘psheriklik Trast fondining resurslaridan mintaqaga yangi bilimlar, innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, sahrolanish kuchayishi, ekologik migratsiyaning oldini olish va boshqa choralar bo‘yicha amaliy vazifalarni hal qilish maqsadida foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ushbu muammoga alohida to‘xtalib o‘tdi. Va yana bir bor jahon hamjamiyati e’tiborini Orol fojiasining mintaqaga salbiy ta’siriga qaratdi. O‘zbekiston rahbari Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini bildirdi.

Bugun Orol dengizini tiklash haqida emas, balki dengiz qurishining odamlar sog‘ligiga ta’sirini yengib o‘tish, ushbu keng ko‘lamli ekologik halokatning ta’sirini kamaytirish haqida so‘z bormoqda. Orol halokatining sababchisi inson, ammo aynan insongina bu hududga hayotni qaytarishga qodir. Dengizning qurigan tubida unib-o‘sayotgan daraxtlar bunga ishonch uyg‘otmoqda.

Ko‘z o‘ngimizda butun mintaqa o‘zgarib bormoqda, odamlar toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda, zamonaviy uylar, yo‘llar, maktablar, kasalxonalar barpo qilinmoqda. Bu yerlarga xorijiy investorlar yetib keldi, dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar soni ortmoqda. Bularning barchasi Orolbo‘yi tiklanayotganidan va uning istiqboli porloq ekanidan dalolat beradi.

 

Aditi Bahoduri,
«International Affairs Review»,
Hindiston