bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining “Qo‘ng‘irot – Karakalpakiya posyolkasi” oralig‘idagi qismi bilan bog‘liq muammo e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur yo‘lning jami uzunligi 240 kilometrdan iborat bo‘lib, ta’mirtalab qismi 100 kilometr. U “Jasliq – Karakalpakiya posyolkasi” oralig‘ida joylashgan.

Ushbu yo‘lga qora qoplama yotqizilgan bo‘lib, bir necha yillar davomida yo‘lning ko‘tarish qobiliyatiga nisbatan og‘ir vaznda bo‘lgan avtotransport vositalarining muntazam harakatlanishi oqibatida ta’mirtalab holatga kelib qolgan.

bugungi kunda o‘rganishlar asosida mazkur holatlar inobatga olinib, avtomobil yo‘lining ta’mirga muhtoj qismini to‘liq rekonstruksiya qilish bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi.

Uning texnik iqtisodiy asoslari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 964 – 1204 kilometr (240 kilometr) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 5 martda imzolangan 124-sonli qarori bilan tasdiqlandi.

Joriy yilda o‘tkazilgan xalqaro tender natijalariga binoan Turkiyaning “Polat Yol Yapi San. ve Tic S.A.” kompaniyasi (964 – 1084 kilometr oralig‘i) hamda Xitoyning “China Road and Bridge Corporation”, “CCCC Third Highway Engineering Co. Ltd.” va “Sanmenxia City Changtong Road and Bridge Construction Co., Ltd.” kompaniyalari (1084-1204 kilometr oralig‘i) g‘olib deb topilib, bu bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Qo‘shimcha tarzda shuni ma’lum qilamizki, mazkur loyiha 2021-2023 yillar oralig‘ida to‘liq amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Hozirgi kunda loyiha doirasida xalqaro kompaniyalar tomonidan qurilish-montaj ishlarini boshlash bo‘yicha maxsus texnikalar ob’ektga ko‘chirilmoqda. Rejaga ko‘ra, iyun oyidan e’tiboran yo‘lning ta’mirtalab qismida qurilish-montaj ishlari boshlab yuboriladi.

 

Transport vazirligi huzuridagi 

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi