24 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.
Dastlab “Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan
ta’minlashga doir choralar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi global koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bugungi kunda respublikamiz aholisining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini kafolatli ta’minlash hamda narx-navolar asossiz o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iboratdir.
Majlisda ta’kidlanganidek, kungaboqar urug‘i va yog‘i bo‘yicha tashqi bozorlarda shakllanayotgan salbiy baho ko‘rsatkichlar mamlakatimiz ichki bozoridagi narx-navoga va ijtimoiy holatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Buni mamlakatimiz iste’mol bozorida o‘simlik yog‘iga bo‘lgan yillik o‘rtacha 460 ming tonna ehtiyojning taxminan yarmi import hisobidan qoplanishidan ham ko‘rsak bo‘ladi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotida ham 2021 yil mart oyida dunyo bo‘yicha o‘simlik yog‘i o‘rtacha narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 86 foizga, joriy yil boshiga nisbatan esa 21 foizga qimmatlashgani qayd etilgan.
Mamlakatimizga 70 foiz kungaboqar yog‘i import qilinadigan Rossiya Federatsiyasida bir tonna kungaboqar yog‘i narxi 2020 yil dekabr oyida o‘rtacha 900 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil mart oyida 1 250 dollargacha yoki 39 foizga oshgan.
Shu bilan birga, Rossiya tomonidan joriy yil 1 sentyabrdan bir yil muddatga kungaboqar yog‘ini eksport qilishda boj to‘lovining joriy qilinishi ham nazarda tutilgan.
Ushbu o‘zgarishlar ta’siri natijasida o‘tgan bir yil davomida mamlakatimizda kungaboqar yog‘i narxi o‘rtacha 38 foizga qimmatlashgan.
Yuzaga kelgan ushbu holatda mamlakatimiz ichki bozorlarida o‘simlik yog‘i narxi keskin oshishining oldini olish maqsadida mazkur Qonun bilan Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritilib, unga ko‘ra 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar:
– mamlakatimiz hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish hamda;
– o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha mablag‘lar aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinmoqda.
Qolaversa, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda:
ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan mazkur Qonun bilan eksport boji joriy etilmoqda.
Mazkur Qonunning ma’qullanishi orqali moyli ekinlar ekilishi ustidan ham qat’iy monitoring o‘rnatilishi kutilmoqda.
Senatorlar tomonidan ushbu Qonun ma’qullandi.
Shundan keyin Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizning izchil taraqqiyoti Namangan viloyatida ham ulkan o‘zgarishlarga zamin yaratdi. Shahar-u tumanlarda bir qator bunyodkorlik ishlari va istiqbolli investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, viloyatda 2020 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 4,8 foiz, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 15,8 foizga o‘sgan. Bunda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarining o‘rni alohida ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joriy yilning 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrif buyurgan edi.
Tashrif davomida mazkur viloyatning salohiyatini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan qator yangi g‘oyalar ilgari surildi, mas’ullarga tegishli amaliy ko‘rsatmalar va vazifalar berildi.
Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish tashabbusi ham ana shu tashrif mahsuli bo‘lib, ushbu masalaning ijobiy hal etilishi hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib tasdiqlanadigan mahalliy dasturlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishning muhim omillaridan bo‘ladi.
Namangan shahri 1926 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda uning aholisi 640,1 ming nafarni, umumiy yer maydoni 18 ming gektarni tashkil qilmoqda.
Qayd etish lozimki, 2019 yilda viloyatning Chortoq va Namangan tumanlaridan 57 ming nafar aholi istiqomat qiluvchi 6,3 ming gektar yer maydonlari Namangan shahri tarkibiga qo‘shilishi natijasida ushbu hududda yashovchi aholining shahar markaziga qatnovida turli muammolar yuzaga keldi.
Hudud aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalari shahar markazidan 15-20 km uzoqlikda joylashganligi, sanoat korxonalarining kamligi sababli fuqarolarni ish bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelayotganligi aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, 7 ta mahalla ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanmagan, ichki yo‘llar esa bugungi kunda ta’mirtalab holatda.
2020 yilda Namangan shahri tarkibida 4,9 ming gektar yer maydoni hamda 151 ming nafar aholini o‘z ichiga oluvchi Davlatobod tumani tashkil etildi.
Natijada Davlatobod tumanida bugungi kunda urbanizatsiya jarayoni jadallashib, yangi infratuzilma ob’ektlari barpo etilmoqda va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Shu sababli ham Namangan shahri hududining 8,2 ming gektar yer maydoni hamda 155,6 ming nafar aholisiga ega yana bir Yangi Namangan tumanini tashkil etish va bu orqali fuqarolarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish hamda aholiga qulaylik yaratish choralarini ko‘rish taklifi ilgari surilmoqda.
Yangidan tashkil etiladigan tuman hududiga 24 ta mahalla fuqarolari yig‘ini, 21 ta umumta’lim maktabi, 40 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta tibbiyot muassasasi va 12 ta kasalxona o‘tkazilmoqda.
Yangi Namangan tumanining sanoat va ishlab chiqarishdagi rolini oshirish maqsadida istiqbolda 16 ta sanoat korxonalari va 4 ta kichik sanoat zonalari foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Buning natijasida sanoat korxonalarida ishlab chiqariladigan mahsulot hajmlarining shahar sanoatidagi umumiy ulushi 1 trln so‘mga yetkazilib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Yangi Namangan tumanining tashkil qilinishi tumanda zamonaviy infratuzilma ob’ektlari barpo etilishi va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada rivojlanishiga va eng asosiysi aholining turmush farovonligini oshirishda xizmat qiladi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin xalq deputatlari Uychi tumani Kengashining 2021 yil 13 yanvardagi “Uychi tuman hokimining 2012 yil 12 martdagi 217-sonli, 2015 yil 19 noyabrdagi 1140-sonli, xalq deputatlari tuman Kengashining 2020 yil 20 martdagi 14/03-06-sonli, tuman hokimining 2020 yil 25 martdagi 222-sonli qarorlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi 86/22-06-sonli qarorini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
bugungi kunda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining faoliyati jamiyatimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biroq ba’zi Kengashlarning qarorlarini tahlil qilib qonunchilikka mosligi o‘rganilganda ularni qayta muhokama qilishga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Dedamirza Tojiddin” fermer xo‘jaligiga yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarorning xalq deputatlari Uychi tumani Kengashining 2021 yil 13 yanvardagi
86/22-06-sonli qarori bilan bekor qilinganligi holati Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Ma’lumki, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning
5-moddasida yer uchastkalari berilganda fermer xo‘jaligi o‘z zimmasiga qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun o‘rtacha yillik hosil hisobida) qonun hujjatlarida belgilangan normativ hosildorlikdan kam bo‘lmasligini ta’minlash majburiyatini olishi, bu majburiyat
yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida mustahkamlab qo‘yilishi,
7-moddasida fermer xo‘jaligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin tashkil etilgan deb hisoblanishi hamda uning muassisi yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish to‘g‘risida shartnoma tuzishi, 11-moddasida esa yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi fermer xo‘jaligining boshlig‘i va tuman hokimi tomonidan imzolanishi belgilangan.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 30 oktyabrdagi
476-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berishni tartibga soladi.
Biroq taraflar yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq yer ijara shartnomasini tuzmagan.
Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq:
yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lganda butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilinishi mumkin;
tomonlar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lganda yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini bekor qilish belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshiriladi.
Shunga qaramasdan amaldagi qonunchilikka zid ravishda tuman hokimining 2012 yil 12 martdagi 217-sonli hamda 2015 yil 19 noyabrdagi 1140-sonli “Dedamirza Tojiddin” fermer xo‘jaligiga yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarorlari xalq deputatlari tuman Kengashining 2021 yil
13 yanvardagi qaroriga asosan bekor qilingan.
“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasiga muvofiq davlat fermer xo‘jaliklarining huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi. Davlat organlari fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish va mustahkamlashga ko‘maklashishlari shart.
Shu bilan birga, o‘rganishlar natijasida Namangan viloyati prokuraturasi, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Uychi tumani adliya bo‘limi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi vakillarining taqdim etgan ma’lumotlarida ham mazkur masala yuzasidan qabul qilingan hujjatlarda qonunchilik talablari buzilganligi qayd etilgan.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, xalq deputatlari Uychi tumani Kengashining 2021 yil 13 yanvardagi “Uychi tuman hokimining 2012 yil 12 martdagi 217-sonli, 2015 yil 19 noyabrdagi 1140-sonli, xalq deputatlari tuman Kengashining 2020 yil 20 martdagi 14/03-06-sonli, tuman hokimining 2020 yil 25 martdagi 222-sonli qarorlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi 86/22-06-sonli qarorini qonunchilikka zid deb topib, uni bekor qilish to‘g‘risida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 dekabrdagi “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimi boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, tegishli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Jumladan, Qaror bilan “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” va “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiruvchi suv ta’minoti tashkilotlarining mablag‘larini shakllantirish va uni taqsimlash tartibi tasdiqlanganligi ta’kidlandi.
“Yo‘l xaritasi”da 2017 yildan boshlab tuman (shahar)larda foydalanishga topshirilgan oqova suv tozalash inshootlarida suvning tozalanganlik darajasini tahlil qilish, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va hukumat kafolati ostida jalb qilingan xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan loyihalar bo‘yicha xulosalar rasmiylashtirish kabi vazifalar belgilangan.
Shuningdek, Qishloq aholi punktlarida davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida ichimlik suvi bilan ta’minlashning asosiy shartlari hamda davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash sohasidagi vazifalar ham belgilangan.
Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashda Davlat byudjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va boshqa manbalardan jalb qilingan mablag‘lar hisobiga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari samaradorligini ta’minlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tarkibidan Suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini qurish kompaniyasi “O‘zsuvta’minoti” AJ tarkibiga o‘tkazilib buyurtmachi va foydalanishga qabul qiluvchi sifatida manfaatdor taraflar faoliyati tashkil etilib, loyiha samaradorligini nazorat qilishda yangi tizim yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi chora-tadbirlarida 2017 yildan foydalanishga topshirilgan aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalari bo‘yicha xulosalar tayyorlash nazarda tutilmasdan qolgan.
Senatorlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yildan boshlab tuman (shahar)larda foydalanishga topshirilgan aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalari bo‘yicha xulosalarni Senatga taqdim etilishini ta’kidlab o‘tishdi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishda ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish, kredit berish tizimini ixchamlashtirish, xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasida bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, huquqiy bilimini oshirishga qaratilgan doimiy o‘quv seminarlari tashkil etish, o‘z faoliyatini to‘xtatgan tadbirkor xotin-qizlar faoliyatini o‘rganish orqali zarur va manzilli ishlarni amalga oshirish yuzasidan muayyan ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, bugun xotin-qizlar tadbirkorligi borasida yagona va yaxlit “Mahalla-tuman (shahar)-viloyat-respublika” tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
2020 yilda 5,5 ming nafar ayolning kichik biznes loyihalari uchun imtiyozli kreditlar asosida 102 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, xotin-qizlar uchun 4 364 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
bugungi kunda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan jami
69 877 nafar xotin-qizning 28 foiziga yoki 19 643 nafariga Xalq banki tomonidan kreditlar ajratilgan.
Qishloq joylarida vaqtincha ishsiz ayollar va umumta’lim maktablari bitiruvchilarini tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularning moliyaviy savodxonligini oshirish uchun onlayn “Biznes klinikalar” tashkil qilingan.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Tadbirkor ayollarga tashkiliy, ijtimoiy-huquqiy, moliyaviy, psixologik va boshqa turdagi ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlari dasturi” ishlab chiqilib, ijroga qaratilgan.
16 500 nafar faoliyatini to‘xtatgan xotin-qizga bandlik, mehnat huquqi va mehnat muhofazasi masalalari bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatilgan, 11 890 nafariga tadbirkorlik faoliyatini qayta boshlashda ko‘mak berilib, o‘qish bilan bog‘liq xarajatlari qoplab berilgan.
Senatorlar bugungi kunda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida xotin-qizlarni kasbga yoki tadbirkorlikka o‘qitish, ularga kreditlar ajratish hamda tadbirkorligini boshlagan ayollarga tovar va xizmatlarni realizatsiya qilishda ko‘maklashish orqali ularni daromad olish darajasiga olib chiqish kabi masalalar yuzasidan hisobot yuritishning alohida yaxlit elektron platformasini yaratish maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o‘tdilar.
Shu bilan birga, mas’ul vazirlik va idoralarga tadbirkorlik qilish istagi bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash, ularning tadbirkorlik yo‘nalishida moliyaviy savodxonligini oshirish, kreditlar ajratish kabi yo‘nalishlarda mahallalar kesimida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, xotin-qizlarning yuqori samarali tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish, shuningdek, xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan o‘quv dasturlariga IT yo‘nalishiga jalb qilish va savodxonligini oshirish, frilanserlikni rivojlantirish, aqliy mehnat orqali daromad topishga o‘rgatishni nazarda tutuvchi yo‘nalishlarni kiritish lozimligi qayd etildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, belgilangan vazifalar ijrosi borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020 yil 20 noyabrdagi SQ-179–IV-sonli qarori ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2020 yil 13 noyabrdagi bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini kompleks o‘rganish, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash, bartaraf etish va sohani tartibga solish yuzasidan respublika ishchi guruhi tuzilgan.
Ishchi guruh respublikada 6140 gektar maydondagi 730 ta bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarining yer uchastkalari, bino-inshootlari hamda kadastr hujjatlarini o‘rganib chiqqan.
Ma’lum bo‘lishicha, 74 082 ta dala-hovli ob’ekti mavjud bo‘lib, shundan 37 847 ta ob’ektda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan va ular 19 095 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Biroq majlisda qayd etilganidek, sohada amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.
Ishchi guruh tomonidan ba’zi shirkatlar tugatilganligi yoki aholi punktiga o‘tkazilganligi aniqlangan. Bundan tashqari, shirkatlarning yer ajratish to‘g‘risidagi hujjatlari tahlil qilinganda ular tomonidan ortiqcha yer maydonlari egallab olinganligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, shirkat hududidagi dala-hovlilarning aksariyatida
bino-inshootlar mavjud bo‘lsa-da, shirkat a’zolari tomonidan ushbu ko‘chmas mulklariga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan.
Shirkatlar hudududidagi 11 mingga yaqin dala-xovlilar turar joy sifatida, 400 ga yaqini esa noturar joy sifatida hujjatsiz foydalanib kelinmoqda.
Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va samarasiz foydalanilayotgan yer uchastkalar zaxira yerlar toifasiga qaytarish hamda shirkat xududida qurilgan bino-inshootlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda tizimli muammolar saqlanib turibdi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Parlament yuqori palatasining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi hamda “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglament va odob komissiyasi tarkibi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Reglament va odob komissiyasining ayrim a’zolari boshqa ishga o‘tganligi sababli komissiya tarkibidan chiqarilgan.
Komissiyaning yangilangan tarkibiga, xususan, komissiya raisligiga — Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Nukritdinovich Burxanov, Komissiya raisi o‘rinbosarligiga Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
Shuhrat Asqarovich Cho‘lliyev va uning a’zoligiga senator Sanobar Zarfullayevna Suyarova nomzodlari senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Qolaversa, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. Shu jumladan, Senat qarori bilan Oliy sud sudyalari Nodira Aloxonovna Boboxonova hamda Janagul Ismaylovna Balkibayeva boshqa ishga o‘tganliklari munosabati bilan Oliy sud sudyasi lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari tasdiqlandi.
Yalpi majlisda 21 ta masala, shu jumladan, 8 ta qonun muhokama qilindi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati