Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Uni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bormoqda.

Dastlab 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2021 yilning birinchi choragidagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi. Bu bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yildagi davlat dasturi 273 ta banddan iborat bo‘lib, uning ijrosi doirasida umumiy qiymati 29,5 trillion so‘m, 2,6 milliard AQSH dollari hamda 57,5 million yevroga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Birinchi chorakda ijrosi ta’minlanishi belgilangan 41 ta topshiriqning 32 tasi to‘liq bajarilgan.

Hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida dasturda ijro muddati kelmagan 15 ta banddagi vazifalar bajarilishi ta’minlangan.

Hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 103 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 46,7 trillion so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 102,8 foizga o‘sgan. Davlat byudjeti ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 18,2 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38,6 foizga oshgan.

Har bir tuman (shahar)da “Yoshlar dasturlari” ijrosi tizimli yo‘lga qo‘yilib, 271 ming 495 nafardan ortiq yoshlarning bandligi ta’minlangan. 62 ming 441 nafar yosh kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan hamda 27 ming 236 nafar yosh “1+1” loyihasi asosida tadbirkor va usta-hunarmandlarga biriktirilgan.

Yangi tashkil qilingan “Yoshlar jamg‘armalari” mablag‘laridan 17 milliard 504 million so‘m mablag‘ sarflanib, “Yoshlar daftari”ga kirgan 24 ming 904 nafardan ortiq yoshning muammolari hal etilishiga ko‘maklashilgan.

Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida 660 ming doza AstraZeneca va 1 million doza ZF-UZ-VAK 2001 vaksinasi olib kelingan. Emlash ishlarini amalga oshirish uchun respublikada 3 ming 138 ta punkt va 862 ta harakatdagi brigada tashkil etilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi ta’kidlandi.

Xususan, dasturda ijrosi I chorakda ta’minlanishi belgilangan ba’zi topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmagan. Jumladan, davlat dasturining 145-bandida 1 martga qadar aholining minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish vazifasi qayd etilgan bo‘lib, mazkur band ijrosi yuzasidan me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Dasturning 120-bandida 20 martga qadar  qishloq xo‘jaligida yer munosabatlari bo‘yicha islohotlarni yanada takomillashtirish, yerlarni bozor aktivlariga aylantirish hamda yer uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinishi belgilangan. Biroq mazkur topshiriq bajarilmagan. Shuningdek, ayrim hujjatlar loyihalari ijrochilar tomonidan o‘z vaqtida ishlab chiqilmaganligi hududlarda shu yo‘nalishdagi islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham ta’kidlandi.

Hozir yurtimizda 1 million 600 ming aholi bandligini ta’minlash talab etilayotgan bo‘lsa, shundan 805 mingdan ortig‘ini 16-30 yoshdagi ishsizlar tashkil etadi. Shuningdek, 2021 yilda mehnat bozoriga jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi. natijada joriy yilda yoshlar bandligini ta’minlash uchun ehtiyoj 1 million 365 mingdan ortiqni tashkil qiladi.

Dasturning 261-bandidagi xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston mehnat migrantlariga xizmat ko‘rsatish, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish tizimini tubdan rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar kabi masalalar yuzasidan mutasaddilar javoblari eshitildi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA